Koʻchalar uch mamlakat bayroqlari bilan bezatilgan Qoʻqondagi Xudoyorxon saroyi qarshisida mehmonlar karnay-surnay sadolari, milliy laparlar, kuy-qoʻshiqlar bilan kutib olindi.

Koʻtarinki kayfiyatda boshlangan sayohat davomida qoʻqonlik hunarmandlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar koʻrgazmasi tashkil etildi. Shuningdek, xon saroyi, uning tarixi haqida koʻplab qiziqarli maʼlumotlar berildi.

1863-1873-yillarda Qoʻqon xoni Xudoyorxon oʻziga saroy-qoʻrgʻon qurdiradi va u oʻrda deb nomlanadi. Mazkur tarixiy yodgorlik dastlab 3 ta qism va 114 xonadan iborat boʻlgan. Hozirgi kunda faqatgina soʻnggi qismi va 19 ta xona saqlanib qolgan.

Delegatsiya vakillari Oʻrdani aylanib, mushtarak tarixga oid eksponatlar bilan tanishdilar, Xudoyorxon hayoti bilan bogʻliq sahna chiqishlarini tomosha qilishdi.