Markaziy bankning Bank xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish xizmatiga koʻplab fuqarolardan tijorat banklari tomonidan ularning kredit soʻrovlari tushunarsiz sababga koʻra rad etilayotgani yuzasidan murojaatlar kelib tushmoqda.

Murojaatchilarning izohlashicha, banklar ularga “Markaziy bankning qarz oluvchilar boʻyicha “qora roʻyxat”iga (“chyornыy spisok”) kirganligini va bunday roʻyxatga tushganlarga kredit berilmasligini” vaj qilib koʻrsatishmoqda.
Mazkur holat yuzasidan quyidagilar maʼlum qilinadi:
— Avvalo, aytib oʻtish kerak, bank tizimida “qora roʻyxat” tushunchasi, umuman, kredit ajratilishi taʼqiqlangan fuqarolar boʻyicha tuzilgan “maxsus roʻyxat” yoki “maʼlumotlar bazasi” mavjud emas.
— “Qora roʻyxat” tushunchasi yetarli bilim va malakaga ega boʻlmagan ayrim bank xodimlari tomonidan kredit arizasini koʻrib chiqish jarayonida ilgari olingan yoki joriy krediti boʻyicha toʻlovlarni kredit shartnomasida belgilangan muddatlardan kechiktirib toʻlagan fuqarolarga “qora roʻyxatga tushib qolgansiz” deb izoh berishi (tushuntirishi) oqibatida vujudga kelmoqda.
— Ushbu holat aslida fuqaroning “kredit tarixi” maʼlumotlari bilan bogʻliq boʻlib, hozirgi kunda undan barcha kredit beruvchi tashkilotlar fuqaroga kredit berishdan oldin ushbu maʼlumotlardan foydalanishmoqda.

Xoʻsh, “kredit tarixi” nima va uning qanday ahamiyati bor? 
— Soʻnggi yillarda kredit tashkilotlari tomonidan fuqarolarga kredit ajratish jarayonida ularning ilgari olgan qarz mablagʻlari boʻyicha majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarganligi hamda joriy qarzdorliklari mavjudligiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

— Fuqarolarning kredit bitimlari, ularning ijro etilishi holati, jumladan, ilgari qaysi kredit tashkilotlaridan qancha miqdorda kredit olganligi, kredit toʻlovlarini oʻz vaqtida toʻlaganligi, boshqa kreditlar uchun berilgan amaldagi kafilliklar hamda joriy kredit qarzdorliklari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar majmui “kredit tarixi” deb ataladi. 

— Kredit tashkilotlari “kredit tarixi” maʼlumotlari asosida potensial qarz oluvchining kreditga layoqatliligini baholaydi, yaʼni qarz oluvchi olayotgan krediti boʻyicha majburiyatlarini kelgusida lozim darajada bajara olish imkoniyati, ilgari olgan kreditlari boʻyicha majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarganligi, boshqa kredit tashkilotlaridan hozirgi qarzdorligi miqdori kabi maʼlumotlarni oʻrganib chiqqan holda fuqaroning kredit toʻlovlarini toʻlash borasida qay darajada intizomli va masʼuliyatli ekanligi toʻgʻrisida xulosa chiqaradi.

— Har bir kredit tashkiloti oʻzining kreditlash tartibi talablari va kreditning qaytmaslik riskini baholash mezonlaridan kelib chiqib, potensial qarz oluvchining kredit tarixi maʼlumotlari, daromadi hamda taklif etilayotgan kredit taʼminotini tahlil qiladi va yakunda kredit ajratish yoki ajratmaslik yuzasidan mustaqil qaror qabul qiladi. Oʻz navbatida, mazkur qarorlar turli kredit tashkilotlarida turlicha boʻlishi mumkin.

Hurmatli fuqarolar! 
Markaziy bankning Bank xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati “kredit tarixi”ngiz hisobotida muddati oʻtgan qarzdorlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlar paydo boʻlishining oldini olish uchun kredit va boshqa moliyaviy majburiyatlaringiz boʻyicha toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlab borishga chaqiradi.

Zero, qarz boʻyicha majburiyatlarni oʻz vaqtida bajarishda maʼsuliyatsizlikka yoʻl qoʻyish, yaʼni kredit toʻlovlarini belgilangan muddatlardan kechiktirib toʻlash hozircha arzimas boʻlib tuyilsa ham, kelgusida kredit tashkilotlaridan qarz olish imkoniyatini pasayishiga sabab boʻlishi mumkin, deya ogohlantiradi Markaziy bank axborot xizmati.