Buxoro viloyatining Qorakoʻl tumanida ilm toliblari qadami uzilmaydigan, taʼlim-tarbiya, ilm-fanning zamonaviy yutuqlari qizgʻin davralarda muhokama etiladigan, yoshlarning quvnoq sadolari doimo jaranglab turadigan bir tabarruk goʻsha bor. Bu – Qorakoʻl xalqaro matematika maktabi.

Garchi shu kunlarda taʼlimda yozgi taʼtil kunlari boʻlsa-da, bu dargohda ish qaynaydi. Oʻquvchilar ustozlarning “etagini mahkam tutib”, ulardan ilm-fan sirlarini yana-da chuqurroq oʻrganishga oshiqadi. Bir guruh yoshlar ona tili va xorijiy tillar boʻyicha maxsus sertifikat olish uchun tahsilni davom ettirmoqda. Yana bir guruhi yil boʻyi olgan bilimini amaliy tajriba bilan boyitish, axborot texnologiyalari imkoniyatidan foydalanib jahonning ilgʻor mamlakatlari tajribasi bilan tanishish niyatida maktabdagi kompyuter sinfidan beri kelmaydi Ustozlar ham shogirdlar intilishini hamisha qoʻllab-quvvatlaydi, ularni yangi-yangi maqsadlarga ruhlantiradi.

Tabiiyki, jamoaning jipslikda, bir maqsadni koʻzlab qilayotgan mehnati oʻz mahsulini bermay qolmaydi. Har yili mazkur maktab bitiruvchilarining aksariyati oliy taʼlim muassasalariga talabalikka qabul qilinadi. Yana bir muhim jihat mazkur maktab oʻquvchilarining xalqaro va respublika fan olimpiadalarida erishayotgan yutugʻidir. Oxirgi 3 yilda shu maktab oʻquvchilari orasidan 10 nafar yigit-qiz xalqaro, 25 nafari respublika fan olimpiadalari gʻolib va sovrindori boʻldi. Uch oʻquvchi davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Oʻtgan oʻquv yilida maktab bitiruvchilarining barchasi oliy oʻquv yurtiga oʻqishga kirdi. Joriy yilda ham ulardan katta natijalar kutilmoqda.

Qorakoʻlda mazkur maktab bilan yonma-yon joylashgan yana bir zamonaviy maʼrifat dargohi bor. Bu – Buxoro davlat universiteti huzuridagi Qorakoʻl akademik litseyi. Mazkur litseyda fidoyi muallimlarning mehnati tufayli iqtidorli oʻquvchilar dunyoning rivojlangan davlatlarida oʻtkazilayotgan koʻplab fan olimpiadalarida gʻolib va sovrindor boʻlayotgani, nufuzli diplomlarni qoʻlga kiritayotgani alohida eʼtirofga loyiq. Hozirga qadar litseyning 3 ming 114 nafar bitiruvchisi respublika oliy oʻquv yurtlarida, 56 nafari esa xorijiy davlatlar universitetlarida tahsil olgan.

“Qorakoʻlcha taʼlim” usuliga asos solgan muallim

Mamlakatimiz taʼlim tizimida oʻz oʻrniga ega boʻlgan ushbu zamonaviy taʼlim dargohlarining tashkil topishi va rivojlanishida fidoyi muallim, “Buyuk xizmatlari uchun” va “El-yurt hurmati” ordenlari sovrindori, Oʻzbekiston xalq oʻqituvchisi, marhum Toʻxtamurod Jumayevning xizmatlari beqiyos boʻldi. Toʻxtamurod Jumayev hayotining 50 yildan ziyodini yoshlar taʼlim-tarbiyasiga, mukammal bilim olishiga sarfladi. 1993-yildan to hozirgi kunga qadar ustoz-oʻqituvchi tashabbusi bilan ochilgan taʼlim muassasasining 69 nafar oʻquvchisi xalqaro fan olimpiadalarida medallar shodasini qoʻlga kiritdi. Xususan, oxirgi 4 yil davomida Jumayev asos solgan matematika maktabi oʻquvchilari xalqaro fan olimpiadalaridan yurtimizga 20 ta oltin, 9 ta kumush va 9 ta bronza medal taqdim etdi. Oʻtgan 30 yil davomida oʻquvchilarning oliy taʼlim muassasasiga kirish reytingi doimo yuqori boʻlib kelmoqda.

Toʻxtamurod Jumayevning “Oʻquvchilar bilimidagi boʻshliqlarni aniqlash va ularni bartaraf etish usullari”, “Zamonaviy darsni tashkil etish yoʻllari”, “Maktabda ichki nazoratni tashkil qilish” singari oʻquv-metodik qoʻllanmalari respublika miqyosida ommalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari 2020-yil 30-sentyabr kuni Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida fidoyi muallim Toʻxtamurod Jumayevning zamonaviy taʼlim tizimi rivojiga qoʻshgan hissasi, Qorakoʻl maktabida bugun taʼlim tizimida erishilayotgan natijalarni alohida eʼtirof etib, bu ilgʻor tajribani mamlakatimiz boʻylab keng targʻib qilish, har bir tumanda kamida bittadan mana shunday maktab yaratish tashabbusini ilgari surdi. Bu gʻoyani roʻyobga chiqarish uchun bugun Qorakoʻlga yurtimizning turli hududlaridan tajriba oʻrganish va taʼlim tizimidagi yangiliklarni ommalashtirish uchun tashrif buyuruvchilarning qadami uzilmayotir.

Yangi oʻquv yiliga hozirlik qizgʻin

Bugungi kunda Qorakoʻl xalqaro matematika maktabida 460 nafar yigit-qiz jahon andozalari darajasida taʼlim olmoqda. Ularga 52 nafar malakali pedagog taʼlim-tarbiya beradi. Mazkur maktab jamoasi taʼlim sifati va samaradorligini oshirish maqsadida yurtimizdagi qator oliy oʻquv yurtlari, akademik litsey va boshqa taʼlim muassasalari bilan hamkorlik qilmoqda.

– Zamonaviy taʼlim tizimida yoshlarning bilim va salohiyatini oshirish uchun oʻquvchilarni mustaqil fikrlashga oʻrgatish, oʻz ustida ishlash koʻnikmasini rivojlantirish, doimiy izlanishga undash, axborot texnologiyalaridan foydalanish salohiyatini oshirish oʻqituvchilar zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi, – deydi Qorakoʻl xalqaro matematika maktabi direktori oʻrinbosari Gʻayrat Qulliyev. – Malakali pedagoglarimiz zimmasida turgan bu masʼuliyatni yaxshi anglaydi va oʻz ustida tinimsiz izlanadi. Respublikamizda va taraqqiy etgan xorijiy mamlakatlarda shakllangan ilgʻor tajribalarni uzluksiz oʻrganib boryapmiz. Jumladan, oʻquvchilarning bilimini baholash boʻyicha xalqaro dasturlarda ishtirok etyapmiz. Bundan maqsad taʼlim sifati va samaradorligini yana-da oshirish, yoshlarga xalqaro andozalar boʻyicha zamoniy taʼlim berish, bilim va iqtidorini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashishdir.

Qorakoʻl tumanida taʼlim tizimida toʻplangan bu ilgʻor tajribalar nafaqat davlat taʼlim muassasalari, balki xususiy taʼlim rivojiga ham ijobiy taʼsir etmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, tumanda yigirmadan ziyod oʻquv kursi ham faoliyat yuritmoqda. Taʼlim tizimidagi bunday yutuqlar tufayli aniq fanlar qatorida boshqa yoʻnalishlar ham rivojlanyapti. Bu dargohlarda taʼlim olayotgan yoshlar diliga ezgu niyatlarni tugib, marrani baland olgan holda yuksak choʻqqilarga talpinayotir. Yoshlarning qay biri bilan suhbatlashmang, bunga ishonch hosil qilasiz. Quvonarlisi, bugungi yoshlarimiz nafaqat mamlakatimizdagi, balk dunyoda yetakchi oʻrinda turadigan xorijiy universitet va institutlar talabasi boʻlishga intiladi. Shu maqsadda ajratilayotgan grant va boshqa imtiyozlardan unumli foydalanayotgan yoshlar safi kengayib borayotir.

– Axborot texnologiyalari boʻyicha yetuk mutaxassis boʻlmoqchiman, – deydi Qorakoʻl xalqaro matematika maktabi oʻquvchisi Nodirbek Beshimov. – AQSHning Garvard universitida shu yoʻnalishda oʻqish niyatidaman. Zero, kelajakda bu soha jamiyatning barcha yoʻnalishlarida ustuvorlik kasb etadi. Shu maqsadda aniq fanlar qatorida gumanitar fanlar va xorijiy tillarni chuqur oʻrganyapman. Niyatim – malakali mutaxassis boʻlib, yurtimiz rivojiga munosib ulush qoʻshish.

Bugun Qorakoʻlda ana shunday ezgu niyatlarni diliga tugib, oʻqib-izlanayotgan yoshlar koʻpchilikni tashkil etadi. Ularning intilish va iqtidorini yuzaga chiqarish uchun esa davlatimiz tomonidan imkoniyatlar yil sayin kengaytirilmoqda. Jumladan, Qorakoʻl xalqaro matematika maktabi yangi oʻquv yilini yangi, zamonaviy binoda boshlaydi. Shu maqsadda avvalgi Qorakoʻl sanoat va transport kolleji binosi tubdan rekonstruksiya qilinib, oʻquv-uslubiy vositalar bilan jihozlanmoqda. Shu bilan birga, yangi oʻquv yiliga ham hozirdanoq qizgʻin taraddud koʻrilayotir.

Bahor XIDIROVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri