"Qorako'l kumush kalava" ning istiqbolli yo'li

    Korxonada bugunga kelib 400 nafar ishchi-mutaxassis doimiy ish bilan band.

    Masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Qorakoʻl kumush kalava” toʻqimachilik fabrikasi Qorakoʻl tumanida ip-kalavani qayta ishlab, undan yarim tayyor holida mato ishlab chiqarib, xorijga eksport qilishga ixtisoslashgan istiqbolli korxonalardan biri. Ishlab chiqarish quvvatlarini yil sayin oshirayotgan korxonada bugunga kelib 400 nafar ishchi-mutaxassis doimiy ish bilan band. Ularning oylik maoshi 1 million soʻmdan 3 million soʻmgacha yetadi.

    — “Xoʻjalar” MFY da qariyb 3,5 gektar yer maydonida 2019-yilda faoliyatini boshlagan korxonamiz ishchi–mutaxassislari sonini dastlab yuz nafar, ichki imkoniyatlarni kengaytirish hisobidan oʻsha yili yakunida 190 kishiga yetkazib, barqaror ish boshlaganmiz, – deydi mazkur fabrika rahbari Asror Mansurov. — Zarur texnika va zamonaviy texnologiyani Xitoy respublikasining “JIANGYIN MOST INTERNATIONALE TRADING CO LTD” kompaniyasidan olib kelib oʻrnatganmiz. 2019-yilning oʻzida ichki bozorga chiqargan mahsulotimizdan tashqari 3 million AQSH dollariga teng mahsulotni chet elga eksport qilishga muvaffaq boʻldik. Pandemiya xavf-xatari bilan oʻtgan 2020-yilda ham ishlab chiqarishni susaytirmasdan, jamoamiz kuchiga tayangan holda qiymati 4,5 million AQSH dollaridan ziyod yarim tayyor mato mahsulotini xorijiy buyurtmachilarga yetkazib berishga erishdik. Bu miqdor joriy yilning dastlabki yarmida 2 million 871 ming AQSH dollarini tashkil etayotgani ham bor imkoniyatdan unumli foydalanayotganimiz mahsuli, albatta. Xomashyo taʼminotini barqaror izga solgan holda ishlab chiqarish mahsuldorligini shu yil oxirigacha 5,1 million AQSH dollariga yetkazish maqsadida mehnat qilmoqdamiz.

    Albatta, har qanday loyihani gʻoya koʻrinishidan tashabbus koʻrsatib amalga joriy etish oson ish emas. Bunda avvalo sarmoya tikmasdan turib, daromadga umid qilish ham xomxayollikdan boshqa narsa emas. Shu nuqtayi nazardan, umumiy qiymati 37,2 milliard soʻmga teng mazkur yirik loyihani amalga oshirish maqsadida “Asakabank” viloyat filiali tadbirkorlik subyektini 2,3 million AQSH dollari bilan qoʻllab-quvvatlagan boʻlsa, ishlab chiqarishga tikilgan qoʻshimcha 12,1 milliard soʻm mablagʻ korxonaning oʻz jamgʻarmasi hisobidan. Ana shu saʼy-harakat tufayli “Qorakoʻl kumush kalava” MCHJ da yiliga 8 million pagonometr hajmdagi mahsulot, yaʼni pishiq va sifatli mato tayyorlash imkoniyati vujudga keldi.

    Bu kabi amalga oshirilgan ishlar korxonada dastlabki bosqichda erishilgan yutuqlar edi. Endilikda bu yerda ikkinchi bosqichda koʻzda tutilgan loyihani roʻyobga chiqarish ustida ish boshlangan. Bu hududiy investitsiya dasturi doirasida ip-kalavadan toʻqima mato ishlab chiqarish loyihasi. Ayni kunda yigiruv korxonasi yonidan toʻquv korxonasini qurib, ishga tushirish harakatiga kirishilgan boʻlib, zarur asbob-uskuna xaridi yuzasidan xitoylik hamkorlar bilan import shartnomalari tuzilgan. Shu yil yakuniga qadar qoʻshimcha ish oʻrinlari bilan faoliyatini boshlash nazarda tutilgan korxona jamoasi moddiy manfaatdorligi, eksport salohiyati, ishchilari uchun yaratilgan shart-sharoitlari bilan viloyatdagi boshqa turdosh fabrikalarga namuna desak, mubolagʻa emas.