Qorakoʻl tumanida ilk bor murakkab jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi

    Sut bezini Madden usulida radikal mastoektomiyasi, limfodeseksiyasi jarrohlik amaliyoti bepul amalga oshirildi.

    - Saraton kasalligini erta aniqlash va davolash uchun, koʻp tarmoqli markaziy poliklinikamizga mammografiya apparati olib kelingan edi, – deydi Qorakoʻl tumani tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Elyor Oltiyev. – Yaqinda chap koʻkragida kattalashish, ogʻriq shikoyati bilan murojaat qilib kelgan 64 yoshli ayol ushbu tibbiyot uskunasi orqali oʻtkazilgan tekshiruv natijasida chap koʻkrak saratoni kasalligida gumon qilindi.

    Shundan soʻng bemor, Respublika radiologiya va onkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Buxoro filialiga yoʻllanma asosida yuborildi va tashxis tasdiqlandi.

    Tegishli muolajalar va tibbiy tekshiruvlardan soʻng bemorning boshqa organlarida metastazlar yoʻqligiga ishonch hosil qilindi.

    Tuman onkologi Fazliddin Saidov va viloyat onkologiya markazi xirurgi Bahrom Latipov tomonidan tuman sharoitida ilk bora chap sut bezini Madden usulida radikal mastoektomiyasi, limfodeseksiyasi jarrohlik amaliyoti bepul amalga oshirildi.

    Hozirda bemorning ahvoli qoniqarli.