Mazkur holat yuzasidan Buxoro viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, shu yilning 11-yanvar kuni Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanida joylashgan oʻquv markazlaridan birida tahsil olayotgan 20 nafar abituriyentning salomatligi yomonlashgani haqida tez tibbiy yordam xizmatiga xabar kelib tushdi.
Abituriyentlar zudlik bilan tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelinib, tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Viloyat hokimining topshirigʻiga koʻra, sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Elyor Oltiyev ishtirokida ishchi guruh tuzilib, hodisa joyiga chiqildi.
Bemorlar Sogʻliqni saqlash vazirligining tasdiqlangan standartlari asosida laborator va instrumental tekshiruvlardan, jumladan, ultratovush hamda rentgen koʻriklaridan oʻtkazildi.
Dastlabki tashxisga koʻra, ularda nomaʼlum modda taʼsiriga bogʻliq zaharlanish belgilari qayd etilgan.
Koʻrilgan tibbiy chora-tadbirlar natijasida barcha 20 nafar abituriyentning ahvoli yaxshilanib, ular ambulator tartibda davolanish uchun uyiga javob berildi. Har bir bemorga hududiy oilaviy shifokor va patronaj hamshirasi biriktirilgan. Ayni paytda ularning ahvoli qoniqarli, shikoyatlari mavjud emas.
Bemorlardan olingan qon namunalari belgilangan tartibda ekspertizaga yuborilgan. Tekshiruv natijalariga koʻra qoʻshimcha maʼlumot taqdim etilishi maʼlum qilindi.