Qorakoʻlda yana bir bogʻcha foydalanishga topshirildi

    Qorakoʻl tumani “Doʻrmon” mahallasida zamonaviy loyiha asosida barpo etilgan 25-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti oʻz faoliyatini boshladi.

    Ochilish marosimida qatnashgan, jamoatchilik vakillarini viloyat prokurori Mahmud Istamov, tuman hokimi Sherali Salomov, shuningdek, Oʻzbekistonda Xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoir Bobur Bobomurod hamda ota-onalar bolajonlarni samimiy tabrikladi.

    “Doʻrmon” MFY dagi mazkur maktabgacha taʼlim muasasasining eski binosi 1975-yilda bolalar bogʻchasiga moslashtirib qurilgan. Ammo bugunga kelib, hududda maktabgacha taʼlim yoshidagi bolalar soni 250 nafarga yaqin. Zamon talablari darajasida barpo etilgan bino esa bu ehtiyojning yarmini qoplash imkoniyatiga ega. Bogʻchaning qurilishi mahalliy qurilish-pudrat korxonasi “Bunyod-Shahzod-Fayz” MCHJ bunyodkorlari tomonidan amalga oshirilgan. Inshoot qurilishiga 3 milliard 200 million soʻm mablagʻ sarflangan. Jajji bolajonlarning bolalik zavq-shavqini surishlari, boshlangʻich bilim va koʻnikmalarni oʻzlashtirishlari uchun bogʻchada zarur shart-sharoit muhayyo qilingan.

    Inshootda faoliyat yuritadigan 5 ta yosh guruhidagi bolajonlar uchun mashgʻulot va oʻyin xonalari, oshxona, musiqa zali, uslubxona, ruhshunos, jismoniy tarbiya yoʻriqchisi xonalari alohida jihozlandi. Shuningdek, taʼlim muasasasida 25 nafar pedagog-tarbiyachi faoliyat yuritmoqda. Kundalik mashgʻulotlardan tashqari rus, ingliz tili, shaxmat, shashka, rasm chizish, badiiy gimnastika toʻgaraklari ham faoliyat koʻrsatmoqda.

    — Tarbiyalanuvchilarga davlat standartlariga muvofiq, sifatli dars mashgʻulotlari, toʻyimli hamda foydali taom va yeguliklar tayyorlab berilmoqda, –– deydi MTT mudirasi Feruza Sobirova. — Muhimi, bu yerdagi qulayliklar kichkintoylarning oʻyin maydonchalari, ovqatlanish, yuvinish, dam olish xonalari ota-onalarimizning talab va xohishlariga mos. Albatta, bu jajji farzandlarimizning savod chiqarishi, har tomonlama sogʻlom oʻsib-ulgʻayishiga xizmat qiladi.

    –– Qishlogʻimizda mana shunday shinam bogʻcha boʻlishini koʻp yildirki, kutganmiz,––deydi mehnat faxriysi Zulfiya Salimova. –– Nihoyat, bugun niyatlarimiz ushalib, zamonaviy maktabgacha taʼlim muassasasiga erishdik. Pensioner bobo-buvilar qatorida men ham ikki nevaramni shu bogʻchaga olib chiqqanimdan xursandman. Ertamiz egalarining kamoloti uchun har qancha shart-sharoit yaratsak, arziydi.

    Maʼlumot oʻrnida shuni aytish joizki, bugunga kelib tumanda 32 ta davlat, 9 ta davlat xususiy-sherikligidagi va 55 ta oilaviy shakldagi maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Tumanda maktabgacha taʼlim yoshidagi, yaʼni 3-7 yoshdagi bolajonlar soni 13 ming 200 nafardan ortiq boʻlsa, ularning hozirda 6 ming 314 nafari maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olingan.