Ikki kun davomida mutaxassislar shaxsiy tomorqa xoʻjaliklarda qoramollarni parvarishlash, sanitariya-gigiyena qoidalari asosida sut ishlab chiqarish, qayta ishlash va saqlash texnologiyalari, sut yetishtirishning iqtisodiy samaradorligini oshirishga doir seminarlar tashkil etishdi.
Bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda aholi xonadonlarida chorvachilikni rivojlantirish orqali xotin-qizlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, aholining arzon, sifatli goʻsht va sut mahsulotlariga boʻlgan talab-ehtiyojini qondirishga erishish muhim ahamiyatga ega.
Seminarda ishtirokchilarga aholi xonadon egalariga qoramolchilik tarmogʻi boʻyicha bilim va koʻnikmaga ega boʻlishiga xizmat qiladigan qoramollarni oziqlantirish, parvarishlash hamda sutni qayta ishlash boʻyicha ishlab chiqilgan tavsiyanoma taqdim etildi.
— Hududlarda xotin-qizlar bandligini taʼminlash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, sifatli sut va sut mahsulotlarini uy sharoitida tayyorlashda bu kabi jonli muloqotlar yaxshi samara beradi, — deydi “Agrar soha ayollari” uyushmasi raisi A. Ahmedjonova. — Chunki ularda ishtirokchilar qoramollarning nasl va mahsuldorlik imkoniyatlarini oshirishga eʼtibor berish, ayniqsa, sut mahsulotlarini uy sharoitida qayta ishlash yuzasidan bilim va koʻnikmaga ega boʻladilar.
Seminarda Buxoro viloyati sharoitiga mos qoramol zotlari, ularning mahsuldorlik koʻrsatkichlari xorijdan keltirilgan qoramollarni mahalliy sharoitga moslashtirishga oid muhim jihatlar, mahalliy va xorijdan keltirilgan naslli sigirlarning mahsuldorligini oshirish masalalari atroflicha koʻrib chikildi.
Amaliy konstruktiv ahamiyatga ega mazkur seminar muhokamasida yuqoridagi kabi jihatlar atroflicha oʻrganilib, mahsuldorlikni oshirish, chorvadorlar imkoniyatlarini kengaytirish hisobidan qoʻshimcha ishchi oʻrinlarini tashkil etishga doir qator tavsiyalar ishlab chiqildi.
Seminarda xotin-qizlarga uy sharoitida sutni qayta ishlashda zarur boʻladigan jihozlar ishlatilishi xaqida bilim ulashildi. Taʼkidlash kerakki, BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkilotining (FAO) “Markaziy Osiyo davlatlarining choʻllar boʻyicha tashabbusi (CADI) – Markaziy Osiyoda moʻtadil choʻllarni saqlash va barqaror foydalanish” loyihasi tarafidan sutni qayta ishlaydigan uskunalar mahalliy aholiga shu yilning iyun oyida tarqatilishi rejalashtirilgan.
Germaniya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan CADI loyihasi 2016-yildan buyon Grayfsvald universiteti, Maykl Zukkov jamgʻarmasi va FAO tomonidan Qozogʻiston, Turkmaniston va Oʻzbekistonda amalga oshirilmoqda.