Qoraqalpogʻiston 660 million dollar Misrdan investitsiyasini jalb etyapti

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Amanbay Orыnbayev boshchiligidagi delegatsiyaning Birlashgan Arab Amirligiga (BAA) uyushtirilgan amaliy tashrifi doirasida Oʻzbekistonning Misrdagi elchixonasi tashabbusi bilan ushbu delegatsiya va misrlik tadbirkor, “Bell Energy” kompaniyasi boshqaruvi raisi Xaysam Xuseyn oʻrtasida uchrashuv tashkil etildi.

    Ishchi ruhida oʻtgan muzokaralarda tomonlar Qoraqalpogʻistonning investitsiya salohiyatini, uning iqtisodiy koʻrsatkichlari, hamda istiqbolli xalqaro loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama etdilar. Shuningdek, hududdagi investitsion loyihalarda “Bell Energy” kompaniyasining ishtiroki masalasi koʻrib chiqildi.

    Muzokara yakuniga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va “Bell Energy” kompaniyasi, hamda uning biznes-hamkorlari oʻrtasida umumiy qiymati 660 million dollarga teng oʻzaro bir-birini tushunish toʻgʻrisida 5ta memorandum imzolandi. Mazkur hujjatlarda bir qator loyihalarning, xususan, neft mahsulotlari uchun yer osti omborxonalarining qurilishi, “Kayraktas” oltin ruda konida qazish ishlari, chiqindilardan energiya ishlab chiqarish, bioetalon va aviayoqilgʻisi ishlab chiqarish uchun bambuk plantatsiyalarini yaratish, hamda bolalar hayotining farovonligi taʼminlashga yoʻnaltirilgan ijtimoiy loyihalarning amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.

    Imzolangan hujjatlarning amalga oshirilishi uchun tomonlar har bir loyiha boʻyicha texnik jihatlar va moliyaviy masalalarni ishlab chiqish va muvofiqlashtirib olish yuzasidan kelishib oldilar, deb xabar beradi “Dunyo” AA.