Davlat komissiyasining tegishli bayoniga muvofiq, qoraqalpog‘istonlik abituriyentlar uchun ikkita qo‘shimcha qabul imkoniyati belgilandi.
Birinchi imkoniyat
2–6 oktabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida doimiy yashovchi, kirish imtihonlarida 68 ball va undan yuqori natija ko‘rsatgan hamda davlat oliy taʼlim tashkilotlarining kunduzgi taʼlim shakliga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilgan yoshlar 500 ta maqsadli qabul parametri uchun ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.
Ro‘yxatdan o‘tish my.uzbmb.uz sayti orqali amalga oshiriladi. Abituriyentlar o‘zlari talaba bo‘lishga tavsiya etilgan oliy taʼlim tashkiloti va taʼlim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etadi.
Ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar kirish imtihonlarida to‘plagan ballari yuqoriligi bo‘yicha qatʼiy ketma-ketlik asosida maqsadli qabul parametrlari doirasida talabalikka tavsiya etiladi.
Ikkinchi imkoniyat
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining murojaatiga muvofiq, Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan viloyatlardagi davlat oliy taʼlim tashkilotlariga bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari kesimida to‘lov-kontrakt asosida qo‘shimcha 6 500 ta qabul parametri tasdiqlandi.
Mazkur qo‘shimcha qabul parametrlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida abituriyent sifatida ro‘yxatdan o‘tgan, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus yoki kasbiy taʼlim tashkilotlarini tamomlagan hamda kirish imtihonlarida 56,7 ball va undan yuqori natija ko‘rsatgan, ammo talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar hisobidan shakllantiriladi.
Tanlov natijalari bo‘yicha qaydnomalar tegishli oliy taʼlim tashkilotlariga belgilangan tartibda rasmiylashtirish uchun yetkaziladi.