Qarorga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasini barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
2026-yil yakuniga qadar:
- yalpi hududiy mahsulot hajmini 8,1 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 8 foizga oshirish;
- ishsizlik darajasini 4,2 foizgacha, kambagʻallik darajasini 3,2 foizgacha pasaytirish, Nukus shahri, Qoʻngʻirot va Chimboy tumanlari hamda 109 ta mahallani ishsizlik va kambagʻallikdan xoli hududga aylantirish;
2030-yilga qadar:
- yalpi hududiy mahsulot hajmini 102,4 trln soʻmga, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini 28,9 trln soʻmga yetkazish hamda sanoat va xizmatlar sohasida jami 7,2 mlrd AQSH dollari ekvivalentidagi loyihalarni amalga oshirish;
- eksport hajmini 900 mln AQSH dollariga yetkazish.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining Ekologiya va Orolboʻyi hududini rivojlantirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari lavozimi tugatiladi.
Vazirlar Kengashi Raisining yaylovlardan samarali foydalanishni tashkil etish, chorva ozuqa bazasini mustahkamlash va chorvachilikni rivojlantirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari lavozimi kiritiladi.
Qarorga koʻra, Qoʻngʻirot, Chimboy, Beruniy, Boʻzatov va Qonlikoʻl tumanlarida chorva ozuqasini yetishtirish, saqlash, qadoqlash quvvatlarini ishga tushirish va aholiga yetkazib berish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
2026-yil yakuniga qadar Beruniy tumanida yillik quvvati 36 ming tonna boʻlgan chorva va baliq ozuqasini ishlab chiqarishga moʻljallangan zamonaviy Agromajmua loyihasi ishga tushiriladi.
2026 – 2028-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasida 10 ming gektar yer maydonlarida chorva ozuqasi yetishtirish choralari koʻriladi.
Nukus shahrida tirbandliklarni kamaytirish maqsadida Nukus shahri va Taxiatosh tumanini bogʻlovchi 2,2 km avtomobil yoʻli, 1 ta koʻprik hamda “D 234 (4R176)” Nukus – Chimboy – Taxtakoʻpir avtomobil yoʻlining 4 km qismida yangidan yoʻl oʻtkazgich quriladi.
Amudaryo tumanida 6 ta mahalla fuqarolar yigʻiniga 107,1 km ichimlik suv tarmogʻini yangidan qurish, umumfoydalanishdagi avtomobil yoʻllarining 110,5 km qismini, 1 ta nasos stansiyasini hamda tuman markazidagi mavjud lokal oqova suv tozalash inshooti rekonstruksiya qilinadi.
Shumanay tumanida umumfoydalanishdagi “D 235 (4P177)” avtomobil yoʻlining 31 km qismi rekonstruksiya qilinadi.
Qarorga koʻra, 2026-yil 1-apreldan maʼmuriy boshqaruv jihatdan Nukus shahri tarkibiga kiruvchi “Qaratau” va “Bestobe” mahalla fuqarolar yigʻinlari aholisiga davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bola taʼminoti uchun ota-onalar toʻloviga 50 foiz kamaytiruvchi koeffitsiyentlar qoʻllaniladi.
Shuningdek, maydoni 5 ming kvadrat metrdan yuqori boʻlgan savdo komplekslari va mehmonxona (joylashtirish vositalari) xizmatlari boʻyicha mazkur hududda faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlarga 2027-yil 1-yanvardan 2040-yil 1-yanvarga qadar yer soligʻi va mol-mulk soligʻi stavkalari 90 foizga kamaytirilgan holda qoʻllaniladi.
2028-yil 1-yanvarga qadar:
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida joylashgan tijorat banklarining balansida boʻlgan mol-mulk obyektlari bozor narxida qayta baholanib, 10-yil davomida foizsiz boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan toʻgʻridan-toʻgʻri realizatsiya qilinadi;
- realizatsiya qilingan mol-mulk obyektlari boʻyicha tuzilgan oldi-sotdi shartnomalariga muvofiq toʻlovlar 6 oy ichida toʻliq toʻlanganda shartnoma qiymatining 25 foiziga teng miqdorda chegirmalar beriladi.