Taʼkidlanishicha, Qoraqalpogʻiston Respublikasida roʻy bergan ommaviy tartibsizliklar yuzasidan Bosh prokuratura tergov-tezkor guruhi tomonidan dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Joriy yil 16-iyul holatiga koʻra, tergov-tezkor guruhi tomonidan oʻtkazilgan tergov harakatlari doirasida:

  • hodisa yuz bergan hududlar va joylar ekspert va mutaxassislar ishtirokida toʻliq koʻzdan kechirilib, ishga aloqador boʻlishi mumkin boʻlgan 550 dan ortiq ashyo va narsalar rasmiylashtirib olindi;
  • tibbiy yordam soʻrab murojaat qilgan 274 nafar fuqarolarga tegishli tibbiy yordam koʻrsatildi, shundan 16 nafar fuqaro tibbiy muassasalarda qolmoqda, afsuski, yana 3 nafar fuqaro ahvoli oʻta ogʻir boʻlgani bois, shifokorlarning saʼy-harakatlariga qaramasdan, vafot etdi;
  • yetkazilgan zararning haqiqiy miqdorini aniqlashga qaratilgan choralar koʻrilib, hozirga qadar fuqarolar va tadbirkorlarning mol-mulklari, davlat va ijtimoiy infratuzilma obyektlariga 3 mlrd. 147 mln. soʻm zarar yetkazilgani aniqlandi;
  • ommaviy tartibsizliklar oqibatida jabrlangan shaxslarni aniqlash choralari koʻrilmoqda.

Jumladan, oʻz xizmat burchini bajarayotgan vaqtida tan jarohati olgan 141 nafar huquq-tartibot idoralari xodimlari hamda sogʻligʻi va mulkiga zarar yetkazilgan 16 nafar fuqarolar jabrlanuvchi deb eʼtirof etildi;

  • jinoyat sodir etgan shaxslarni fosh etishga qaratilgan tadbirlar doirasida gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, belgilangan tartibda ushlangan fuqarolarning himoya huquqi advokat orqali amalga oshirishi toʻliq taʼminlangan, ularning ushlanganligi va qamoqqa olinganligi hamda saqlanayotgan joyi haqida yaqin qarindoshlariga belgilangan tartibda xabar berilgan.

Saqlash joylarida qonunda nazarda tutilgan barcha sharoitlar toʻla taʼminlangan. Ushlanganlarning sogʻligʻi va saqlash sharoitlari boʻyicha eʼtirozlari mavjud emas.

Maʼlum qilinishicha, tergov-tezkor harakatlari jinoyat-protsessual qonunchilik va xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan demokratik tamoyillari va talablariga toʻliq rioya qilgan holda olib borilmoqda, tergovga jalb qilinayotgan shaxslarning qonunda belgilangan barcha protsessual huquqlarini kafolatli taʼminlash choralari koʻrilgan.

Shu bilan birga, tergovning har tomonlama, toʻliq va xolisona oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida ommaviy tartibsizliklar davomida huquq-tartibot organlari — xavfsizlik kuchlari harakatlarining qonuniyligi ham tergov yoʻli bilan tekshirilmoqda.

Tergovning shaffofligini taʼminlash uchun ommaviy axborot vositalarida tergovning borishi va natijalari haqida maʼlumotlar taqdim etilishi yoʻlga qoʻyilgan.

Afsuski, baʼzi xorijiy ijtimoiy tarmoqlarda voqeada ishtirok etgan ayrim fuqarolar bedarak yoʻqolganligi haqida mutlaqo asossiz va haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan “feyk” xabarlar tarqatilmoqda. Vaholanki, tarmoqlarda tarqatilgan roʻyxatda koʻrsatilgan bir qism fuqarolar oʻz yashash uyida ekanliklari, bir qismi Qoraqalpogʻiston hududidan chetga chiqib ketganliklari, ayrimlari esa, umuman mavjud boʻlmagan shaxslar ekanligi aniqlandi. Shunda boʻlsa-da bu holat ham Bosh prokuratura tezkor-tergov guruhi tomonidan nazoratga olindi va hozirgi vaqtda yana bir bor chuqur oʻrganib chiqilmoqda.

Shu sababli, yana bir bor barchangizdan soxta va uydirma maʼlumotlarga ishonmasdan, oʻtkazilayotgan tergov va tezkor-qidiruv tadbirlari haqidagi haqqoniy maʼlumotlarni Bosh prokuratura Shtabi axborot manbalaridan olishingizni soʻrab qolamiz, deyiladi rasmiy xabarda.