Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi investitsiya faoliyati muhokama qilindi

    Investitsiyalar 8 Yanvar 2022 1374

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov rahbarligida videokonferensiya tarzida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida investitsiya faoliyatining bugungi holatini va sohadagi dolzarb vazifalarni oʻrganishga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

    Unda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy hokimiyat organlari, Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari vakillari hamda yuqoridagi ikki hudud tadbirkorlari ishtirok etdi.

    Masʼul rahbarlar tomonidan sanoatni rivojlantirishni ragʻbatlantirish, investitsiyalarni jalb etish, eksportni oshirish va ushbu hududlardagi tuman va shaharlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar natijalari koʻrib chiqildi. Oldindan koʻrilgan chora-tadbirlar tufayli Qoraqalpogʻiston Respublikasida umumiy qiymati 3,2 trillion soʻmlik 256ta yangi investitsiya loyihasi ishlab chiqilgani, buning natijasida 18,6 mingta yangi ish oʻrni yaratilayotgani maʼlum qilindi. Bunga koʻp jihatdan mahalliy tadbirkorlar bilan oʻzaro hamkorlik qilish va yangi biznes tashabbuslarini amalga oshirishda ularga amaliy yordam koʻrsatish maqsadida mamlakat viloyatlari hokimliklarini Qoraqalpogʻiston Respublikasining tuman va shaharlariga biriktirish mexanizmi tufayli erishildi. Ushbu mexanizmni joriy etish boʻyicha toʻplangan tajribani Xorazm viloyatiga ham yoyish topshirildi.

    Yigʻilishda qoraqalpogʻistonlik tadbirkorlar loyihalarni amalga oshirish borasidagi tajribasi va faoliyati davomida duch kelgan muammolar haqida soʻz yuritdilar. Koʻtarilgan barcha masalalar atroflicha tahlil qilinib, tegishli vazirlik va idoralarni jalb etgan holda mavjud muammolarni hal qilish mexanizmlari ishlab chiqildi.

    Xuddi shu tartibda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatining tuman va shaharlariga biriktirilgan mamlakatning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari faoliyati oʻrganildi. Diplomatlarning saʼy-harakatlari bilan ushbu hududlarda xorijiy investorlar ishtirokida 2021-yilda 766,2 million dollarlik 83ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi boshlab yuborilgan. Xorijiy investorlarni jalb qilish va mahalliy tadbirkorlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishda amaliy yordam koʻrsatish maqsadida ushbu hududlarda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish boʻyicha yangi takliflar ishlab chiqish maqsadida diplomatik vakolatxonalar vakillariga ushbu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlarini faollashtirish topshirildi.

    Alohida tartibda 2022-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida davlat va hududiy investitsiya dasturlarini amalga oshirish bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi. Hududiy investitsiya dasturi doirasida bu yil Qoraqalpogʻiston Respublikasida umumiy qiymati 2,7 trillion soʻmlik 731 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgani, buning natijasida 13,6 ming yangi ish oʻrinlari yaratilishi, Xorazm viloyatida esa umumiy qiymati 4,6 trillion soʻmga teng boʻlgan 695 ta loyiha joriy etilishi hisobiga 14,8 mingta yangi ish oʻrinlari tashkil etilishi maʼlum qilindi. Vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlariga har bir loyihaning bajarilishining samarali monitoringini olib borish va ularni hayotga tatbiq etish jarayonida tadbirkorlar duch kelishi mumkin boʻlgan muammolarni zudlik bilan aniqlash va hal qilish maqsadida idoralararo hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqish topshirildi.

    Yigʻilish yakunida belgilangan vazifalarni sifatli va oʻz vaqtida bajarish yuzasidan qoʻshimcha koʻrsatmalar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.