Keytering xizmatini tashkil etish uchun 2022-yilda mahalliy byudjetdan 200 mlrd. soʻm mablagʻ ajratildi, deya xabar beradi Xalq taʼlimi vazirligi axborot xizmati.

Hozirgi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasida 726 ta umumtaʼlim maktablarida jami 139 819 nafar hamda Xorazm viloyatida 549 ta umumiy oʻrta taʼlim maktablarida jami 136 383 nafar nafar boshlangʻich sinf oʻquvchilari taʼlim tarbiya olmoqda.

Keytering usulida ovqatlanishni tashkil etishda avvalambor bolalarni kunlik ratsionlarida talab qilinadigan 470-500 Kkaloriyaga ega boʻlgan ovqat, tabiiy sok va meva mahsulotlari bilan taʼminlanadi.

Bunda Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi va Xorazm viloyatidagi barcha umumtaʼlim boshlangʻich sinf oʻquvchilariga bir martalik ovqat yetkazib beriladi, oʻquvchilarni oʻz sinf xonalarida ovqatlanishi tashkil etiladi, bu bir tomondan qulay, chunki maktabida oshxona yoki bufeti yoʻq maktablarga hamda olis hududdagi umumtaʼlim maktablariga boradigan oʻquvchilar uchun anchagina qulaylik yaratadi.

Ushbu tashabbusni oʻz vaqtida sifatli, xavfsiz va tezkor amalga oshirish maqsadida zarur quvvatlarga ega hamda katta xajmdagi mahsulotlarni qisqa muddatda ishlab chiqaruvchi, tayyor mahsulotlarni hududlarga muddatidan kechiktirmay yetkazib berish imkoniyati mavjud boʻlgan yirik ishlab chiqaruvchi korxona tanlandi.

Keytering usulida bunday katta hajmdagi ishlarni tashkillashtirishda bolalarning ratsioniga mos va xavfsiz boʻlgan mahsulotlarni tayyorlash, qadoqlash, saqlash hamda ularni sanitariya-gigiyena talablariga mos holda yetkazib berilishini taʼminlash oʻta muhim sanaladi. Shu sababli, qisqa muddatda yoʻlga qoʻyilgan ushbu jarayon, yuqoridagi talablarga javob bera oladigan, katta quvvatga ega boʻlgan korxona zimmasiga yuklatildi.

Davlat tomonidan tanlangan korxona 2021/2022 oʻquv yili yakunigacha Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatiga yetkazib beradi, yangi 2022/2023 oʻquv yillari uchun tadbirkorlar oʻrtasida tanlov oʻtkaziladi va yuqoridagi shartlar va talablarga javob beradigan korxonalar bolalarning sogʻlom va xavfsiz ovqatlanishini tashkil etadi.