Qoraqalpogʻiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari muhokamada

    Investitsiyalar 9 Noyabr 2021 624

    Joriy yil 9-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S.Umurzakov boshchiligidagi hamda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlaridan iborat Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining bugungi holatini oʻrganish, investitsiyalar jalb etilishini ragʻbatlantirish hamda sanoat va eksport salohiyatini yuksaltirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish maqsadida mazkur hududga yoʻl oldi.

    Belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun har bir yoʻnalish boʻyicha alohida kichik guruhlar tuzildi. Ularning vazifasi joylarga chiqib, vaziyatni oʻrganish, yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash hamda ularni hal etish boʻyicha takliflar ishlab chiqishdan iborat boʻladi.

    Hududiy investitsiya dasturining amalga oshirilishi oʻrganildi. Tuman va shaharlar kesimida mavjud masalalar koʻrib chiqilib, mutasaddi rahbarlarga ularni hal etish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berildi.

    Komissiya tashrifi davomida aniqlangan muammoli masalalarni hal etishda tadbirkorlarga amaliy koʻmak berish boʻyicha Hukumat komissiyasining oldingi koʻrsatmalarining bajarilishi koʻrib chiqildi. Vazirlik, idora va tijorat banklarining ayrim rahbarlariga tegishli topshiriqlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan tanqidiy eʼtirozlar bildirildi hamda faoliyatlarida kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tezkor va samarali chora-tadbirlar koʻrish topshirildi. Tadbirkorlar va investitsiya loyihalari tashabbuskorlariga moliyaviy resurslarni oʻz vaqtida ajratish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.

    Investitsiyaviy loyihalarni shakllantirish, moliyalashtirish manbalarini aniqlash hamda ularni hayotga tatbiq etish jarayonlariga tizimli yondashish, shuningdek, ishga tushirilgan korxonalar va sanoat obyektlari faoliyatini monitoring qilish asosida ishlab chiqilgan investitsiyalar va eksport faoliyatini ragʻbatlantirishning yangi ishlab chiqilgan mexanizmi taqdim etildi. Yangi mexanizm mamlakatimiz tuman va shaharlarining iqtisodiy va sanoat salohiyatidan toʻla foydalanishga, ularning jadal va bir meʼyorda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ragʻbatlantirishga qaratilgan.

    Yangi mexanizm doirasida Nukus shahri va respublikaning barcha 16 ta tuman hokimliklari huzurida foydalanilmayotgan yer uchastkalari, bino va inshootlar, tabiiy va infratuzilmaviy resurslarni hisobga olgan holda ishga solinmagan imkoniyatlarni tahlil qiluvchi loyiha guruhlari tashkil etiladi. Ularning tahlili asosida loyiha guruhlari tuman va shaharlarni rivojlantirish strategiyasi va konsepsiyalarini ishlab chiqadilar. Loyiha guruhlarining faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Strategik rivojlanish agentligi huzurida tashkil etilgan Loyiha ofisi tomonidan amalga oshiriladi.

    Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish markazi mutaxassislari shakllangan strategiya va rivojlanish konsepsiyalari asosida u yoki bu tumanning oʻziga xos xususiyatlari va iqtisodiy salohiyatiga moslashtirilgan istiqbolli investitsiyaviy takliflarni shakllantiradilar.

    Investorlar va loyihalarni moliyalashtirish manbalarining tanlovi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi tomonidan mahalliy hokimiyat organlari hamda mamlakatning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari bilan birgalikda mahalliy tadbirkorlar va xorijiy kompaniyalar oʻrtasida amalga oshiriladi. Bunda, Oʻzbekiston Respublikasining Toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasi tomonidan tadbirkorlarning yirik loyihalarini birgalikda moliyalashtirish imkoniyatlari ham nazarda tutilgan.

    Yigʻilish yakunida tegishli rahbarlarga yangi mexanizmni amalda joriy etish, shuningdek, hududda samarali ishlarni tashkil qilish boʻyicha qoʻshimcha koʻrsatmalar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.