Unda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, respublika tuman va shahar mahalliy hokimiyat organlarining rahbarlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi rahbariyati ishtirok etdi.

Yigʻilish davomida joylardagi mavjud vaziyatni tahlil qilish, aholi va tadbirkorlarning muammo va ehtiyojlarini aniqlash maqsadida oldinroq viloyatga yuborilgan ishchi guruhlar faoliyati oʻrganildi. Xususan, guruhlar makroiqtisodiy tahlil oʻtkazish, tarkibiy islohotlar amalga oshirish jarayonini oʻrganish, biznesni qoʻllab-quvvatlash masalalari, investitsiyaviy va tashqi savdo faoliyati, kambagʻallikni qisqartirish, qurilish va infratuzilmaviy rivojlanish, ijtimoiy sohani, ayollar va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash kabi yoʻnalishlarda ish olib boryapti. Davlatimiz rahbarining hududga amalga oshirilgan soʻnggi tashriflari chogʻida berilgan koʻrsatmalarining ijrosi ham monitoring qilinyapti.

Guruh rahbarlarining hisobotlari tinglandi, mahallalar kesimida aniqlangan masalalar roʻyxatini maromiga yetkazish va ularni tezkor hal etish mexanizmlari boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Avvalo, bu masalalar ijtimoiy infratuzilma obyektlarining kommunal infratuzilmasini takomillashtirish, yangi ish oʻrinlari yaratish va kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish zarurati bilan bogʻliq.

Mahallalarda yangi ish tizimini joriy etish jihatlari ham koʻrib chiqildi. Qoraqalpogʻiston Respublikasining Nukus shahri va tumanlariga biriktirilgan vazirlik va idoralar, tijorat banklarining masʼul rahbarlariga ishga solinmagan iqtisodiy imkoniyatlarni aniqlash, tadbirkor va eksportchilarni amaliy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha kelgusida chora-tadbirlar ishlab chiqish maqsadida tuman va shahar hokimlari boshchiligidagi “loyiha guruhlari”ning mahallalardagi hokimlar yordamchilari bilan hamkorligini kuchaytirish topshirildi.

Jami boʻlib, Qoraqalpogʻiston Respublikasining 2022-yilga moʻljallangan hududiy investitsiya dasturida umumiy qiymati 332,1 million dollarga teng boʻlgan 811ta loyiha amalga oshirilishi va natijada 14 737ta yangi ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan.

Qoraqalpogʻiston Respublikasining tegishli tumanlariga “Qoraqalpogʻistonda biznes qilish” tamoyili asosida biriktirilishi doirasida Oʻzbekiston viloyatlarining rahbarlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar alohida tartibda koʻrib chiqildi. Taʼkidlandiki, bugungi kunga qadar jami 264 million dollarlik 350 loyiha shakllantirilib, buning natijasida 14,6 mingta yangi ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan. Shundan umumiy qiymati 89 million dollarga teng boʻlgan 204 loyiha yangi sanoat korxonalarini tashkil etishga qaratilgan. Loyihalarni amalga oshirishning tarmoq jadvallarini ishlab chiqish hamda ularning uzluksiz ishlashini taʼminlash, kooperatsiya aloqalarini oʻrnatish va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar eksportini tashkil etish masalalarini hisobga olgan holda qurilayotgan obyektlarni ishga tushirishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha chora-tadbirlar rejasini shakllantirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Yigʻilish yakunida vazirlik va idoralar rahbarlariga muhokama qilingan masalalar va vazifalarni samarali amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha topshiriqlar berildi. Kelgusi hafta davomida ishchi guruhlar hududda oʻz faoliyatlarini davom ettiradi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.