Mazkur qarorga ko'ra, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi va O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamkorligida Qoraqalpog'iston Respublikasida iqtisodiy va ijtimoiy sohalar hamda tarmoq ilmiy-tadqiqot muassasalari o'rtasida o'zaro hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy-intellektual hamda moliyaviy resurslarni to'liq safarbar etgan holda ilmiy-innovatsion salohiyatdan keng foydalanishni ta'minlash maqsadida 2021-2025 yillarga mo'ljallangan Qoraqalpog'iston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqiladi.

Shuningdek, qarorda Nukus shahrida mexatronika, robototexnika, dasturlash, 3D-prototiplash va boshqa yo'nalishlarni o'z ichiga olgan Yoshlar texnoparkini tashkil etish ishlarini jadallashtirish ko'zda tutilgan. O'z navbatida, Qoraqalpog'iston Respublikasi YOshlar akademiyasini tashkil etish masalasi ham qarorda aks etgan.

Qarorda yuqori malakali kadrlarni tayyorlash masalasiga alohida e'tibor berilgan bo'lib, Qoraqalpog'iston Respublikasi Oliy ta'lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlarining 100 nafar yosh olimlari va tadqiqotchilari uchun dunyoning rivojlangan davlatlari ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlarida ilmiy stajirovkalari tashkil etiladi. Ilmiy faoliyatga oid hududiy dasturlar doirasida amaliy va innovatsion loyihalar tanlovlari o'tkaziladi. Qoraqalpog'iston Respublikasi OTM va ilmiy-tadqiqot institutlari ilmiy laboratoriyalarini jihozlash va ularning faoliyatini kuchaytirish bo'yicha 2021 yil may oyiga qadar tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqiladi.

endilikda Qoraqalpog'iston Respublikasida kichik biznes va tadbirkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida startap loyihalarni moliyalashtirish bo'yicha hamkorlikda tanlovlar o'tkaziladi va tanlovlar natijalari bo'yicha g'olib bo'lgan loyihalar teng ulushda (Innovatsion rivojlanish vazirligi – 50%, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi – 50%) moliyalashtiriladi.

Yana bir muhim jihat – Sho'rlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA) bilan hamkorlikda ayollarning jamiyatdagi rolini kuchaytirish, ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, shu jumladan ayollar tadbirkorligini rivojlantirish bo'yicha loyihalar amalga oshiriladi.