Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi barcha shahar va tumanlarda 656 ta saylov uchastkasi tuzilgan boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida jami 1 million 45 ming 352 saylovchi ishtirok etishi kutilmoqda.
Ushbu jarayonga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Murat Kamalov sektor rahbarlari bilan birgalikda Nukus shahri “Sarbinoz” mahalla fuqarolar yigʻinidagi transport texnikumi binosida tashkil etilgan 20-saylov uchastkasiga kelib ovoz berdi. Mazkur saylov uchastkasida 2 ming 219 nafar saylovchi roʻyxatga olingan. Shundan 21 nafari birinchi marta ovoz bermoqda. Hududdan 26 nafar saylovchi muddatidan oldin ovoz bergan.
Shuningdek, Nukus tumanidagi 385-saylov uchastkasida 2352 fuqaro ruyxatga olingan.
– Saylov uchastkamizda barcha sharoitlar mujassam. Karantin talablariga rioya qilgan holda saylov uchastkamiz termometr, pirometr, tibbiy niqoblar, tibbiy qoʻlqoplar, antiseptiklar bilan taʼminlangan, – dedi 385-saylov uchastkasi raisi Baxtiyar Seytniyazov. – Shuningdek, 1,5-2 metr masofani saqlovchi chiziqlar chizilgan. Saylov qonunchiligiga muvofiq, joriy yilning 14-20-oktyabr kunlari saylov kuni oʻz yashash joyida boʻlish imkoniyatiga ega boʻlmagan saylovchilar uchun muddatidan oldin ovoz berish oʻtkazilgan edi. Oldindan ovoz berganlar soni 13 nafar.
Qoraqalpogʻistonda 42 ming 587 saylovchi birinchi marta ovoz berayotgan yoshlarni tashkil etadi. Yoshlarimiz esa ushbu jarayonni chuqur anglagan holda oʻzlarining faolligini koʻrsatmoqda. 385-saylov uchastkasida birinchi marta ovoz berayotgan Mohira Shamshetova va Janpolat Jaksibayevlar oʻzlarining konstitutsiyaviy xuquqidan toʻliq foydalangan holda ovoz berdi.
– Men Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talabasiman. Mahallamizdagi saylov uchastkasiga kelib ovoz berdim, – dedi J.Jaqsibayev. – Albatta, mening ovozim oʻz kelajagimni belgilab beradi.
Navbatdagi manzilimiz Nukus shahridagi 57-saylov uchastkasi boʻldi.
– Siyosiy jarayonda ikkinchi marta qatnashdim. Maktabda huquq fanidan dars beraman. Albatta, nafaqat oʻzim, yon atrofimdagilarga ham saylovning ahamiyati haqida har doim tushuntirishga harakat qilib kelmoqdaman, – dedi Gulmira Qunnazarova. – Har bir fuqaroning ovozi katta ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun oʻz ovozimni oʻzim tanlagan nomzod uchun berdim.
Munosib boʻlgan nomzodga ovoz berish, kelajakni yaratishdir. Saylov huquqidan foydalangan holda Beruniy tumani hokimi Atabek Saparbayev ham 195-saylov uchastkasidan ovoz berdi. Beruniy tumanida 58 saylov uchastkasida 104 ming saylovchi roʻyxatdan oʻtgan boʻlsa, shundan bu yilgi saylovda birinchi marotaba ishtirok etayotgan 5020 nafar yoshlar mavjud. Tumanda saylov jarayonlari qizgʻin davom etmoqda.
Qoraqalpogʻistonga Italiya, Belgiya, Polsha, AQSH, Rossiya, Qozogʻiston va boshqa davlatlardan tashrif buyurgan xalqaro kuzatuvchilar joylarda saylov jarayonlari bilan yaqindan tanishib bormoqda.
– Oʻzbekistondagi 2019-yilgi saylovlarda xam ishtirok etganman. Joriy yilgi saylov jarayonini koʻzdan kechirar ekanmiz, oldingi saylovlardan ancha farq qilishini sezdik, – deydi Qozogʻiston Respublikasi xalqaro kuzatuvchisi Yesimxan Bekturgʻanov. – 42-saylov uchastkasida boʻlib, har bir oiladan 4-5 kishi alohida kelib ovoz berayotgani guvohi boʻldim. Yangilanayotgan Oʻzbekistondagi olib borilayotgan islohotlarni har bir fuqaro toʻgʻri tushunib, davlatingizning ertangi kelajagi uchun berfarq emasligini ushbu saylov jarayonlaridan bilsa boʻladi.
Saylov jarayonlarini kuzatish va yoritish uchun xalqaro kuzatuvchilar hamda OAV vakillari Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi saylov uchastkalaridagi jarayonlarni kuzatishni davom ettirmoqda.
- Oʻzbekistonda 2013-yilgi parlament saylovlarida ishtirok etkan edim. Bu mening Oʻzbekistonga 7 bor kelishim. Parlament va Prezident saylovarida xalqaro kuzatuvchi sifatida qatnashdim, - deydi Fransiya davlatining Sarbon universiteti professori Jan Anton Duprot. - Saylov jarayonlari barcha saylov qonunchiligi va demokratik tamoyillar doirasida olib borilmoqda.
Shuningdek, ovoz berish jarayonlari Shimoliy-gʻarbiy harbiy okrugga qarashli Nukus garnizonidagi 1-sonli harbiy shaharchada joylashgan 62-saylov uchastkasida erta tongdan boshlandi. Harbiy orkestr sadolari ostida Oʻzbekiston Respublikasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat madhiyalari yangradi. Harbiy okrug qoʻmondoni Farhodjon Shermatov munosib nomzodga birinchi ovoz berib, saylovni boshlab berdi. Soʻngra kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari, muddatli harbiy xizmatchilar, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatchilar, harbiy shaharchada istiqomat qilayotgan aholi saylov jarayonlarida ishtirok eta boshladi.
Saylov jarayonlari Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksi hamda qonun hujjatlariga, shuningdek, karantin qoidalariga amal qilgan holda oʻtkazilmoqda.
Minajatdin QUTLIMURATOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri