Budjet kodeksining 26-moddasiga asosan mahalliy budjetlarning 2022-yildagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisoboti tashqi audit va baholashdan oʻtkazildi. Tashqi audit hamda masofaviy tarzda olib borilgan risk-tahlillarda kuzatilgan shubhali holatlar joyiga chiqqan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻrganildi. Bu haqda Hisob palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, oʻrganishda Qoraqalpogʻiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan asossiz ravishda mablagʻlarni xarajatlar smetasini shakllantirish jarayonida byudjet tashkilotlariga ajratib bermasdan markazlashtirgan holda jamlab, keyinchalik boshqa yoʻnalishlarga qayta taqsimlangani aniqlangan.

Shuningdek, oʻtkazilgan oʻrganishda markazlashtirilgan mablagʻlardan tanlov asosida 102 milliard soʻmning sarflanishi tekshirilganda 14,2 milliard soʻmlik moliyaviy xato va kamchiliklar borligi aniqlangan. Jumladan, 71,2 milliard soʻmlik qurilish va taʼmirlash ishlarini bajarishda 7,5 milliard soʻmlik asossiz ortiqcha mablagʻlar olingan hamda sifatsiz ishlar bajarilgan boʻlsa, 30,8 milliard soʻmlik asosiy vositalar va tovar-moddiy boyliklar 6,7 milliard soʻmga qimmat narxlarda xarid qilingan.

Hisob palatasi xabarida bildirilishicha, aniqlangan holatlar yuzasidan masʼullarga qonunchilikda belgilangan choralarni koʻrish va kelgusida yoʻl qoʻyilmasligi yuzasidan tegishli tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga koʻrsatma yuborildi.

Shuningdek, oʻrganish yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar huquqiy baho berish uchun Bosh prokuraturaga taqdim etildi.