Tuman Davlat xizmatlari markazi xodimlari endi markazga tashrif buyuruvchilarga betakror arxitektura dizaynga ega yangi va zamonaviy binoning keng, yorugʻ va shinam xonalarida barcha qulay sharoitlarda xizmat koʻrsatadi.

Binoning ochilish marosimiga bagʻishlangan tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi oʻrinbosari A.Davletov, Davlat xizmatlari agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi boshligʻi M.Abdijaliyev, tuman hokimi U.Utambetov, adliya boʻlimi vakillari, davlat va jamoatchilik tashkilotlari xodimlari, mehnat faxriylari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Markazda zal boʻylab joylashtirilgan belgilar davlat xizmatlaridan foydalanish uchun ketma-ketlikda yoʻnaltiradi. Elektron navbat olish uchun “QMATIC” va infokiosk ishlab turibdi. Talonni olib kutish zalidagi shinam oʻrindiqlarga joylashishingiz mumkin. Monitorlar orqali esa navbatingiz kelgani haqida xabardor qilib, qaysi qabul oynasiga oʻtish kerakligi koʻrsatiladi.

Yanada qulaylik yaratish maqsadida markazda bolalar maydonchasi, davlat bojlarini toʻlash uchun maxsus kassa va boshqalar ishlab turibdi. Tashrif buyuruvchilar bepul Wi-Fi dan foydalanish imkoniga ega.

Imkoniyati cheklangan fuqarolarga ham bir qancha qulayliklar yaratilgan. Umuman olganda, har bir fuqaroga alohida eʼtibor berilgan boʻlib, jamiyatning barcha qatlami manfaatlari hisobga olingan. Bu yerda 10 ta qabul oynalari orqali 160 tan ortiq davlat xizmatlarini olish mumkin.

Qoraoʻzak tumanida 52 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Oʻtgan 2020-yil davomida jismoniy va yuridik shaxslarga 21 mingdan ziyod davlat xizmatlari koʻrsatilgan boʻlsa, joriy yil davomida 20 mingdan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatildi. Bu oʻz navbatida Davlat xizmatlari markazlariga boʻlgan ehtiyojning oshganidan dalolat beradi.

Shuningdek, markaz binosida tuman Xalq qabulxonasi, Bosh vazir qabulxonasi va FHDYO boʻlimi joylashgan.

Markazning yangi binosining ochilishining ilk kunida tumandagi namunali va yosh oilalarning biri Xalmuratovlar oilasi qonuniy nikohdan oʻtdi.

Davlat xizmatlari markazlarida yaratilgan bunday sharoitlar fuqarolarning vaqtini tejash bilan bir navbatda, davlat xizmatlaridan tez va qulay foydalanish imkoniyatini beradi.

Davlat xizmatlari agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi