Bugun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev Qoraoʻzak tumani “Qoybaq” OFY hududida barpo etilayotgan “Nukus-1” loyihasi qurilishida boʻldi. Umumiy qiymati 107 million dollar, quvvati 100 Megavatt boʻlgan loyiha doirasida har birining quvvati 6,5 Megavatt boʻlgan 16 ta shamol turbinasi generatorlari barpo etiladi.
Bugun 3 ta turbina toʻliq qurib bitkazilgan, shuningdek, 1 ta turbina qurilishi yaqin kunlarda yakunlanadi. Asosiysi, loyihani amalga oshirishda 150 dan ortiq mahalliy fuqarolar bandligi taʼminlangan.
“Nukus-1” loyihasi toʻliq ishga tushishi natijasida har yili 350 million kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishiga imkoniyat yaratiladi, oʻrtacha 100 million kub tabiiy gaz sarfi tejaladi, havoga 180 ming tonna karbonat angidrid gazi chiqindilari tarqalishi kamayadi.
Bundan tashqari, Qoraoʻzak tumani “Qoybaq” OFY hududida umumiy qiymati 220 million dollarlik yana bir “Nukus-2” loyihasi ham amalga oshirilib, 26 ta shamol turbinasi generatorlari quriladi.
Loyihaning qurilish ishlarida 200 dan ortiq mahalliy fuqaroning bandligi taʼminlanishi rejalashtirilgan va ishga tushirilgandan soʻng har yili 794 million kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishiga imkoniyat yaratiladi.
Bundan tashqari, “ACWA Power” kompaniyasining Qoʻngʻirot tumanida umumiy quvvati 2000 megavattli shamol elektr stansiyasini qurish boʻyicha yana 4 ta loyihasi amalga oshirilishi ham belgilangan.