Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmati maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, Navoiy va Samarqand viloyatlaridagi dastlabki quyosh elektr stansiyalari tarmoqqa ulanganidan soʻng 2022-yili 434 mln kVt⋅soat, 2023-yilda esa 576,9 mln kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan edi.
Oʻtgan yili respublikamizdagi 9 ta quyosh va 1 ta shamol elektr stansiyasi tomonidan ishlab chiqarilgan jami elektr energiyasi hajmi 4 mlrd 860 mln kVt·soatni tashkil qildi.
Bundan 26 kun oldin, 2025-yil 2-avgust kuni joriy yil boshidan buyon quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 6 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgani qayd etilgan edi.
Shu yilning 28-avgust holatiga koʻra, quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 2025-yilda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi miqdori 7 mlrd kVt⋅soatga yetdi. Bu oʻtgan vaqt mobaynida kuniga oʻrtacha 29,1 mln kVt·soat elektr energiyasi quyosh va shamol elektr stansiyalaridan olindi, deganidir.
Mazkur generatsiyaning 4 mlrd 360,6 mln kVt⋅soatlik qismi quyosh elektr stansiyalari tomonidan, 2 mlrd 639,4 mln kVt⋅soatlik qismi esa shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarildi.
Buning natijasida:
- 2 mlrd 100 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishildi;
- atmosferaga 2 mln 940 ming tonnadan ortiq zararli gazlarning chiqishi oldi olindi.
Qolaversa, joriy yil boshidan bugun, 28-avgust soat 16:00 ga qadar Oʻzbekistondagi barcha gidroelektr stansiyalari va quyosh hamda shamol elektr stansiyalari tomonidan 11 mlrd, 908,2 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu joriy yildagi jami generatsiyaning 21,5 foizini tashkil qiladi.
Buning natijasida:
- 3 mlrd 600 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishildi;
- atmosferaga 5 mln tonnadan ortiq zararli gazlarning chiqishi oldi olindi.
Maʼlumot uchun: mazkur hajmdagi elektr energiyasi 7,4 million xonadonning sakkiz oylik yoki 4,9 million xonadonning bir yillik meʼyoriy bazasini tashkil qiladi.




