Seminar davlat organlari va tashkilotlaridagi xotin-qizlarning sohadagi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ularning liderlik kompetensiyalarini rivojlantirish, davlat fuqarolik xizmatidagi islohotlar bilan xabardor qilish, mavjud muammolarni yaqindan oʻrganish maqsadida tashkil etildi.
Seminar avvalida soʻz olganlar soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda davlat boshqaruvida xotin-qizlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratib berish, ularni qoʻllab-quvvatlash maqsadida muhim qadamlar qoʻyilganini taʼkidlashdi. Sohaning normativ-huquqiy bazasi takomillashtirilgani maʼlum qilindi. Prezidentimizning uzoqni koʻzlagan odilona siyosatlari natijasida davlat va jamiyat boshqaruvida ayollar ulushi ortib, bu xalqaro koʻrsatkichlarda ham oʻz aksini topayotgani bildirildi.
Seminarda tajribali va salohiyatli masʼul rahbarlar, soha mutaxassislari rahbar ayollarda liderlik, xalqparvarlik, kreativlik koʻnikmalarini shakllantirish, davlat xizmatida innovatsion texnologiyalarni qoʻllashda xotin-qizlarning roli, davlat xizmatchilarining salomatligi — davlat xizmati samaradorligi kafolati, davlat xizmatida oila va karyera muvozanatini taʼminlash strategiyalari mavzularida oʻz fikr va mulohazalarini bildirishdi. Sohada yillar davomida bosib oʻtilgan hayotiy tajribalarini oʻrtoqlashishdi.
Seminar oʻz ishida shuʼbalarda davom ettirmoqda. Unda ishtirokchilar uchun “Davlat xizmatidagi xotin-qizlarning shaxsiy samaradorligini oshirish imkoniyatlari”, “Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va agressiyaning psixologik asoslari”, “Inson resurslarini boshqarishning zamonaviy usullari”, “Xotin-qizlarning davlat xizmatiga moslashuvi ijtimoiy xususiyatlari”, “Davlat xizmatidagi xotin-qizlarning jamoatchilik bilan hamkorligi: zamonaviy texnologiyalar va trendlar”, “Davlat fuqarolik xizmatidagi xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashning huquqiy asoslari” mavzularida treninglar tashkil etildi. Shuʼbalar oʻz ishini kichik guruhlarda ishlash, keys-stadi va bahs-munozara kabi interfaol usullarda tashkil etdi. Seminar davomida ishtirokchilarning sohaga oid taklif va tashabbuslari, mavjud muammolari ijtimoiy soʻrovnoma orqali oʻrganildi.
Bir soʻz bilan aytganda, ushbu seminar Qoraqalpogʻistonda faoliyat yuritayotgan davlat xizmatidagi xotin-qizlarning tashabbus va gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash, ularning yangi bilim va koʻnikmalar olishi, oʻzaro tajriba almashishi, sohadagi faoliyatlarini yanada rivojlantirishi uchun oʻziga xos korpus vazifasini bajardi.











