2020-yil 5-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–4912-sonli “Qoraqalpogʻiston Respublikasida suv resurslaridan samarali foydalanish va yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra, 2021-2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasida respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan umumiy qiymati 480 380,1 million soʻmni tashkil etuvchi irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda melioratsiya obyektlarini taʼmirlash va tiklash ishlari loyihalari amalga oshirilishi rejalashtirilgan boʻlib, shundan:

- irrigatsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilishga – 232 852,1 million soʻm;

- melioratsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilishga – 115 652,0 million soʻm;

- melioratsiya obyektlarini tizimli taʼmirlash-tiklash ishlariga – 131 876,0 million soʻm ajratilgan.

Shuningdek, belgilangan yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasida:

- 272 ta nasos stansiyalarida elektr energiyasidan foydalanishni raqamli texnologiyalar yordamida umumiy 818 ta elektr energiya hisoblagichlari va suv oʻlchash qurilmalari oʻrnatilib, “onlayn” rejimida nazorat qilish;

- nasos stansiyalari va irrigatsiya tizimlari kanallarini davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida xususiy sektorga berish boʻyicha 31 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.