Vazirlar Mahkamasining 02.02.2023-yildagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasida aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish va mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 52-son qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan Qoraqalpogʻistonning Nukus shahri va tumanlaridagi ogʻir turmush sharoitidagi oilalarga tegishli uylarning tom qismini taʼmirlash (yopish) hamda yashash uchun yaroqsiz va avariya holatidagi uylarni yangidan qurish ishlarining yigʻma parametrlari tasdiqlandi.

Amalga oshiriladigan qurilish-taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari boʻyicha buyurtmachi Nukus shahri va shimoliy tumanlarda Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” DUK hisoblanadi.

Janubiy tumanlardagi uy-joylarning tom qismini taʼmirlash (yopish) va avariya holatidagi uy-joylarni yangidan qurish ishlari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” DUK buyurtmachi etib belgilandi.

Janubiy tumanlardagi 2 000 km tuproq yoʻllarga qum-shagʻal yotqizish ishlari boʻyicha Amudaryo, Beruniy, Toʻrtkoʻl va Ellikqalʼa tumanlari hokimliklarining Obodonlashtirish boshqarmalari buyurtmachi etib belgilandi.

Qarorda belgilangan chora-tadbirlarni qisqa muddatlarda yakunlash maqsadida pudratchi va loyiha tashkilotlarini, shuningdek, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchilarni tanlash toʻgʻrisida eʼlon maxsus axborot portalida joylashtirilmaydi. Buyurtmachilarga elektron shaklda taklif bermasdan, eng yaxshi takliflarni aniqlash huquqi beriladi.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 3.02.2023-yildan kuchga kirdi.