Joriy yilning 24-fevral kuni tungi soat 03:00 larda Toʻrtkoʻl tumani, “Kaltaminor” OFY hududidan oʻtuvchi “Kaltaminor-1” kanalining oʻng qirgʻogʻida suvning koʻtarilishi hisobiga kengligi 5 m, chuqurligi 1.78 m boʻlgan suv toshib chiqish hodisasi sodir boʻlgan.
Toshqin natijasida shu hududda yashovchi 7 nafar fuqaroning yashash uyi va yordamchi xoʻjalik inshootlariga zarar yetkazilgan.
Suv toshqini jarayonida jarohatlangan fuqarolar boʻlmagan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan shu kuni soat 7ga qadar suv toshqini bartaraf etilib, toʻplanib qolgan suvdan hovli yer maydonlari tozalangan.
Shu kunning oʻzida hodisa joyiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengashi, Vazirlar Kengashi hamda respublika prokuraturasi masʼullari yetib borib, vaziyat joyida oʻrganilib, suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha hududiy sektor rahbarlari hamda boshqa masʼullarga tegishli topshiriqlar berilgan.
Mazkur holat yuzasidan shu kunning oʻzida Toʻrtkoʻl tuman prokuraturasi tomonidan “Paxta Arna Nayman” irrigatsiya tarmoqlari boshqarmasi va Toʻrtkoʻl tuman Irrigatsiya boʻlimi mansabdor shaxslari hamda boshqalarga nisbatan JKning 203, 207 va 229-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Jinoyat ishi doirasida fuqarolarga yetkazilgan zararni aniqlash yuzasidan ekspertiza tayinlangan.
Hozirda hodisa yuz berishiga sababchi boʻlgan aybdorlarni aniqlashga qaratilgan tergov harakatlari olib borilmoqda, natijasiga koʻra qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi.