Shu kunga qadar Nukus shahri, Amudaryo, Beruniy, Boʻzatov, Kegeyli, Qoraoʻzak tumanlarida faollari bilan uchrashib, gazetalarning targʻibot ishlari olib borildi.
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar va ularning yorqin samarasi, xalqimiz quvonchi, dardu tashvishlarini koʻp sonli oʻquvchilarga yetkazishi tufayli oʻtgan qisqa davr mobaynida katta auditoriyani qamrab olgani, tahliliy-tanqidiy mazmundagi maqolalar bilan bugungi islohotlar natijadorligiga munosib hissa qoʻshib kelayotgani alohida tilga olindi.
Tahririyat faoliyati, jumladan, gazetalarning yangi qiyofasi, mediakonvergensiya jarayonlari, jurnalistlarning ixtisoslashuvi va koʻp qirralilik qobiliyati haqida batafsil maʼlumot berildi.
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati bugun nafaqat gazeta chop etadi, balki internetda, ijtimoiy tarmoqlarda ham juda faol. Zamonaviy, katta imkoniyatlarga ega texnologiyalar yordamida faoliyat yuritmoqda. Jumladan, www.yuz.uz veb-sayti, yuz_official telegram kanali, instagram, yutub, feysbuk kabi platformalarda ham oʻz oʻquvchilariga ega. Bu platformalarda tezkor axborotlar, tahliliy materiallar, videointervyular, suhbatlar berib boriladi va ularni har kuni yuz minglab oʻquvchilar kuzatib boradi. Shuningdek, tahririyat xodimlari bir vaqtning oʻzida internet televideniye yoʻnalishida ham ish olib bormoqda. Ular dolzarb mavzularda tahliliy suhbatlar uyushtirib, internet orqali oʻquvchilar eʼtiboriga tushayotgani ham bor gap.
Tahririyatning alohida bir xususiyati mamlakatimizdagi eng keksa nashr – “Pravda Vostoka” va eng yosh nashr – “Yangi Oʻzbekiston” gazetalari birligida ham koʻzga tashlanadi. Bu yangi Oʻzbekistonda tarixga hurmat ruhi qadrlanayotgani va yangilanayotgan jamiyatimizning ulugʻvor qiyofasini yaratishda ilgʻor tajribalar uygʻunlashayotganidan dalolat beradi.
Bugun Qoʻngʻirot tumani faollari bilan oʻtkazilgan uchrashuv chogʻida “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi toʻgʻrisida maʼlumotlar berilib, Qoraqalpogʻiston Respublikasida amalga oshirilayotgan islohotlar ushbu gazetada muntazam ravishda yoritib kelinayotganligi boʻyicha maʼlumotlar berildi.
Uchrashuvda ishtirokchilarning taklif va savollari eshitilib, ularga aniq misollar bilan javob berildi.