Qoraqalpogʻistondagi ayrim tadbirkorlarga soliq imtiyozlari beriladi

    Mamlakatimizda 13 Iyun 2023 1025

    Prezident tomonidan imzolangan Qonun bilan (OʻRQ-845, 12.06.2023 y) ayrim qonun hujjatlariga Qoraqalpogʻiston Respublikasida investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan qoʻshimchalar kiritildi.

    Soliq kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasining barcha tumanlarida joylashgan hamda mazkur hududda faoliyatni amalga oshirayotgan tadbirkorlar (bundan yirik soliq toʻlovchilar, doimiy muassasalar, byudjet tashkilotlari va davlat korxonalari, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz miqdorida va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar, ustav fondining 50 foizi va undan ortigʻi ustav fondida davlat ulushi 50 foiz miqdorida va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxsga tegishli yuridik shaxslar mustasno) 2028-yil 1-yanvargacha:

    • foyda soligʻi, aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foizga kamaytirilgan soliq stavkalari boʻyicha toʻlaydi;
    • ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdoridagi soliq stavkasi boʻyicha, YATTlar esa yiliga BHMning bir baravari (330 ming soʻm) miqdorida toʻlaydi.

    Agar soliq toʻlovchi mazkur imtiyozlar bilan bir qatorda bir vaqtning oʻzida boshqa asoslar boʻyicha soliq imtiyozlariga doir huquqqa ega boʻlsa, bunday soliq toʻlovchi oʻz ixtiyoriga koʻra eng qulay soliq imtiyozini tanlashga haqli boʻladi.

    Ilgari bunday imtiyoz mavjud emas edi.

    “Davlat boji toʻgʻrisida”gi qonunga kiritilgan oʻzgartirishga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi nodavlat taʼlim tashkilotlarining oʻquv jarayoniga jalb etiladigan chet el mutaxassislari (oʻqituvchilari) 2027-yil 1-oktyabrgacha Konsullik yigʻimini hamda Doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazganlik uchun davlat bojini toʻlashdan ozod qilinadi.

    Ilgari bunday norma mavjud emas edi.

    Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.