Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-avgustdagi PF–213-son Farmonida qoraqalpogʻistonlik yoshlar uchun qoʻshimcha kvota ajratilishi belgilangan.
Mazkur Farmon ijrosi yuzasidan Davlat komissiyasining navbatdagi bayoni bilan qoraqalpogʻistonlik yoshlar uchun tumanlar kesimida tarmoq sohalari boʻyicha oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan ehtiyojni inobatga olgan holda, bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga bazaviy toʻlov-kontrakt asosida 10 000 ta qoʻshimcha qabul parametri tasdiqlandi. Bunda ajratilgan qabul parametrlarining:
- Toshkent shahridagi OTM va bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari kesimidagi taqsimoti;
- Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi OTM va bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari kesimidagi taqsimoti;
- viloyatlardagi OTM va bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari kesimidagi taqsimoti tasdiqlandi.
10 000 ta qoʻshimcha qabul parametri – kirish imtihonlarida 56,7 ball va undan yuqori ball toʻplagan, lekin talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar hisobidan shakllantirildi.
Qoʻshimcha qabul parametrlari doirasida talabalikka tavsiya etilgan qoraqalpogʻistonlik yoshlar tavsiya etilganlik holatini my.uzbmb.uz sayti orqali shaxsiy kabinetidan bilishlari mumkin.
Shuningdek, oliy taʼlim muassasalariga tanlov qaydnomalari yetkaziladi.