Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining 2-bandida mamlakatimizda aholining turli qatlami, jumladan yoshlar o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishda sportning yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol, «Vorkout» (ko‘cha fitnesi) yo‘nalishlari ustuvor etib belgilangan.
Xalqimizning eng ulug‘ va eng aziz bayrami – mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida doimiy yashovchi yurtdoshimiz Ravshan Yaqshimuratov yolg‘iz o‘zi velosipedda Beruniydan Toshkent shahriga qarab yo‘lga chiqdi. U “Qudratli O‘zbekistonning o‘tmishi va kelajagi buyuk” shiori ostida yakkalik velomarafon o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi va bu tashabbus to‘liq qo‘llab-quvvatlandi.
Mazkur velomarafonga Beruniy tumanida joylashgan Pil qal’a tarixiy yodgorligi oldidan start berildi. Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Adilbek Allanazarov, shuningdek Beruniy tumani turizm va sport bo‘limi, mahalliy nuroniylar, yosh avlod vakillari va sport faollari ishtirok etishdi. Yig‘ilganlar R.Yaqshimuratovga oq yo‘l tilab, duoga qo‘l ochishdi.
Ta’kidlash lozim, R.Yaqshimuratov Qoraqalpog‘iston Respublikasidan yo‘lga chiqib, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlari orqali o‘tgan holda istiqlol ayyomi keng nishonlanayotgan ulug‘ kunlarda mamlakatimizning bosh kenti – Toshkentga yetib kelishni rejalashtirgan.
Turizm va sport vazirligi
Matbuot xizmati