Tomonlar AQSH qishloq xoʻjaligi vazirligining Oʻzbekistonda 21,5 million dollarlik “Taʼlim uchun oziq-ovqat” loyihasining bajarilish holatini muhokama qildi. Loyiha doirasida Amerikaning “Mercy Corps” NNT Qoraqalpogʻistonning qishloq hududlarida joylashgan 500 dan ortiq maktabgacha taʼlim muassasasida muvozanatli oziqlanishni qoʻllab-quvvatlash, infratuzilmani rivojlantirish va kadrlar salohiyatini yaxshilashga qaratilgan 5 yillik loyihaning asosiy amalga oshiruvchisi sifatida tanlangan.

Ushbu loyiha maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilari uchun Oʻzbekistonga 1,6 ming tonna oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishni koʻzda tutadi. 180 ming dollarlik 157,6 tonna oziq-ovqat mahsulotlarining birinchi joʻnatmasi 6-dekabr kuni Oʻzbekistonga yetkazib berildi va hozirda vaqtinchalik saqlash omboriga joylashtirilgan.

Ushbu mahsulotlar Qoraqalpogʻistondagi 30 ta maktabgacha taʼlim muassasasiga tarqatilishi rejalashtirilgan. Shu maqsadda “Mercy Corps” dastlabki maʼlumotlarni qayta ishlash jarayonini taʼlim muassasalari infratuzilmasi va ularning sanitariya holati, toza ichimlik suvining mavjudligi, loyihani ishga tushirish uchun xodimlar (oʻqituvchilar, hamshiralar va oshpazlar) malakasi darajasini baholash bilan boshlashni rejalashtirmoqda.

Muzokaralar yakunida Tirkeshbay Bayjanov Maktabgacha taʼlim vazirligi bilan anglashuv memorandumi imzolash va oziq-ovqat mahsulotlarini Nukusga yetkazib berish uchun asos boʻlib xizmat qiladigan qoʻshma yillik ish rejasini tuzish masalalarini hal qilishda koʻrsatilgan yordam uchun Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasiga minnatdorlik bildirdi.