Qoraqalpoq davlat universiteti oʻqituvchisi 18 million soʻm pora bilan ushlandi

    U yuqori lavozimdagi tanishlari orqali 18 nafar talabani yakuniy imtihondan muvaffaqiyatli oʻtkazib qoʻyishni vaʼda qilgan.

    Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi, DXX va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida Qoraqalpoq davlat universiteti (Berdaq nomidagi) oʻqituvchisi G.N. qoʻlga olindi.

    Maʼlumotlarga koʻra, u fuqaro A.D.ning ishonchiga kirib, yuqori lavozimdagi tanishlari orqali uni va yana 17 nafar talabani yakuniy imtihondan muvaffaqiyatli oʻtkazib qoʻyishni vaʼda qilgan. Evaziga 18,3 million soʻm pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 28, 211-moddalari (Pora berishga suiqasd) boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.