ToshDU desam, hamon tushadi esga,
Mening yigit vaqtim, sening qiz vaqting…
Senga yana qaytib ozor bermasga,
Bel bogʻlab, jonimni oʻtlarga yoqdim.

Qoraqalpoq elining azim chinori, ustoz shoir qalamiga mansub shunday oʻtli sheʼrlar kuni kecha Nukus shahrining Ibroyim Yusupov nomidagi ijod maktabida oʻtkazilgan tadbirda koʻp bora tilga olindi.

Zamonaviy koʻrinishda qad rostlagan mazkur maktab bugungi kunda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan ijod maktablari safida oʻquvchilarining ilmu zakosi bilan oʻz oʻrniga ega boʻlib kelmoqda. Kuni kecha mazkur taʼlim dargohiga boʻlgan ijodiy safar taassurotlari ham fikrimizni dalillaydi.

Safar chogʻida ustoz ijodkorlar, shoir va yozuvchilar Usmon Azim, Rustam Musurmon, Baxtiyor Genjamurod, Qoʻchqor Norqobil, Allanazar Abdiyev, Gʻayrat Majid ishtirokida ijod maktabida adabiy uchrashuvlar, mushoiralar tashkil etildi.

– Men koʻp uchrashuvlarda boʻlaman, lekin ijod maktabidagi davralarda qatnashish kamina uchun bir qadar yoqimli, huzurli, – dedi Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azim oʻz soʻzida. – Chunki siz adabiyotning chin maʼnodagi muxlisi, shaydosisiz. Sheʼr aytsak tushunadigan, gap bersak anglaydigan auditoriyalarda soʻzlash biz ijodkorlarga hamisha ruh beradi. Bu yoʻlda siz yoshlarga tinimsiz mehnat, mutolaa yor boʻlsin.

Uchrashuv davomida mehmonlar yorugʻ va shinam maktabdagi sharoitlar, yosh qalamkashlarga yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi. Tadbir yakunida taʼlim maskaniga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining badiiy kitoblari sovgʻa qilindi.

Nargiza Asadova,

shoira