Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda.
Tarixiy qaror shu kunlarda Hindiston poytaxtida boʻlib oʻtayotgan YUNESKO Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish hukumatlararo qoʻmitasining 20-sessiyasi ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan maʼqullandi.
Mazkur muhim voqea Oʻzbekistonning maqsadli saʼy-harakatlari natijasi boʻlib, Qoraqalpogʻistonning noyob madaniy anʼanasi xalqaro miqyosda eʼtirof etilganini yaqqol namoyish etmoqda.
Qoʻbiz sanʼati Oʻzbekistonning YUNESKO roʻyxatlariga kiritilgan madaniy meros elementlari sonini oʻn oltitaga yetkazdi. Bu esa mamlakatimizning qadimiy sivilizatsiya va boy madaniyatning xalqaro markazlaridan biri sifatidagi maqomini tasdiqlamoqda.
Qoʻbiz qadimgi torli-kamonli musiqa asbobi boʻlib, turkiy xalqlar, ayniqsa, qoraqalpoqlar, qozoqlar va qirgʻizlar orasida keng tarqalgan. Qoraqalpoq qoʻbizi anʼanaviy tarzda yaxlit yogʻochdan (koʻpincha tutdan) yasaladi, otning yolidan qilingan ikkita torga ega boʻlib, chuqur va betakror ohang hosil qiladi.
Jirov – qoraqalpoq dostonchilari va shoirlaridir. Ular qoʻbiz joʻrligida dostonlar va tarixiy rivoyatlar ijro etadi. Jirovchilik anʼanasi qoraqalpoq xalqining tarixi, falsafasi va maʼnaviy qadriyatlarini yetkazuvchi musiqiy va sheʼriy sanʼatning noyob uygʻunligi hisoblanadi.
Qoʻbiz yasovchi ustalar va unda ijro etadigan sozandalar safining kamayib ketayotgani oqibatida ushbu sanʼat elementining yoʻqolish xavfi mavjud. Shu sababli uni Zudlik bilan muhofaza ostiga olish roʻyxatiga kiritish zarurati paydo boʻlgan.
Sessiya ishtirokchilari mazkur noyob anʼanani kelajak avlodlar uchun saqlab qolish muhimligini alohida taʼkidladi.
Hukumatlararo qoʻmita sessiyasi davom etmoqda va uning doirasida Oʻzbekistonning madaniy merosi ahamiyatini namoyish etuvchi qator tadbirlar rejalashtirilgan.
Xususan, bugun “Muqaddas merosning qayta tiklanishi: qoʻbiz va qoraqalpoq jirovlarining epik anʼanasi” mavzusida sayd-ivent boʻlib oʻtadi. Uning dasturiga taniqli jirovlar Baqbergen Sirimbetov va Davronbek Yendirbekovning jonli ijrosi, qoʻbiz va jirovga bagʻishlangan hujjatli film namoyishi, shuningdek, usta Marat Jaqsimuratov tomonidan qoʻbiz musiqa asbobini yasash jarayonining jonli koʻrgazmasi kiritilgan.







