Shu munosabat bilan bugun viloyatdagi mahallalarda istiqomat kilayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari hamda vasiylikda bo'lgan, nogiron va etim bolalardan 140 nafari yig'ildi. Ular uchun to'kin dasturxon yozildi. Albatta, bolalar bunday g'amxo'rlikdan ko'ngillari ko'tarilib, shod bo'lishdi. 

Shinam maskanda tashkil etilgan bayramona tadbirda estrada yulduzlari ham ishtirok etishdi. Kuy-qo'shiqlar ostida bolajonlar raqsga tushishdi. Xonandalar bilan birga o'zlari ham qo'shiq kuylashdi.

Tadbirning eng yodda qolarli jihati, bolajonlar bir oy avval  Qorboboga sovg'a so'rab xat yozishgandi. Masalan, Umida Abduhakimova Qorbobodan yumshoq va chiroyli divan so'ragan edi. Unga divan sovg'a qilindi. Barcha bolalarga sovg'alar topshirildi. Ularga turli xil uy jihozlari ham berildi. Xususan, shkaf, divan, qimmatbaho buyumlar, velosipedlar, kitob javonlari, shuningdek, turli xil o'yinchoqlar, kitob, daftar, shirinliklar tortiq qilindi.

Tadbir so'ngida bolajonlar  tashkilotchilar va homiylarga  minnatdorchilik bildirishdi.