Yangi yil shodiyonalari nishonlanayotgan shu kunlarda bolajonlarning begʻubor kulgulari olamni tutmoqda. Ayniqsa, Prezident sovgʻasini orziqib kutayotgan jajjilarning quvonchli lahzalari aks ettirlgan bayram tadbirlari, unutilmas taassurotlarga boy boʻldi.
Toshkent viloyatining Chirchiq shahridagi “Kimyogarlar” madaniyat saroyida boʻlib oʻtgan Yangi yil bayrami tantanalari, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, oilaviy bolalar uylari va boquvchisini yoʻqotgan bolajonlar uchun tashkil etildi.
Unda viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev barcha yosh avlodni bayram bilan samimiy tabrikladi. Bugungi yosh avlod, ertangi kunimizning istiqboli porloq, kelajagi yorqin haqiqiy egalari ekanligini va ularni sogʻlom va barkamol yurt egalari etib tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratish, munosib sharoitlarda taʼlim-tarbiya olishi uchun zarur sharoitlarni yaratish muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidlab oʻtdi.
Joriy yil ham hududda viloyat hokimligi, xalq taʼlimi boshqarmasi va bir qator tegishli tashkilotlar hamkorligida Yangi yil bayramini yuqori saviyada oʻtkazish, farzandlarimizga quvonch ulashish uchun munosib va puxta hozirlik koʻrildi.
Tantanali bayram munosabati bilan joʻnatilgan Prezident sovgʻalarini viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev hudud faollari bilan birga bolalarga tarqatdi. Shundan soʻng oʻgʻil-qizlar uchun “Afsonaviy oʻrmonning Yangi yil kvesti” nomli musiqali sahna koʻrinishlari namoyish etildi. Toʻkin dasturxon yozildi.
Gulichehra DURDIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri