Tuman hokimligi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, fast-fud taomlaridan zaharlanishi oqibatida Qoʻrgʻontepa tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga keltirilgan bemorlarning soni asli 10 nafarni tashkil etadi.

Bundan tashqari, ular bilan birga taomlangan 17 nafar yaqinlari va oila aʼzolari ham shifoxona xodimlari tomonidan kuzatuv uchun olib kelinib, nazorat qilinmoqda.

Hozirda 10 nafar bemorlar va kuzatuvdagi 17 kishining barchasi oʻzini yaxshi his etmoqda. Matbuot xizmati vakillari barcha bemorlar bilan tibbiy shartlar ostida birma-bir suhbatlashdi.

Ularga tuman Tibbiyot birlashmasining malakali shifokorlari va hamshiralari uzluksiz xizmat koʻrsatib turibdi.

Bu holatning kelib chiqishi boʻyicha, suhbatlashilgan barcha bemorlar “Fresh fud” nomli fast-fud taomlari markazi mahsulotlarini isteʼmol qilganini maʼlum qilishdi. Ularning barchasi kechagi kun davomida ushbu doʻkonlardan mahsulot xarid qilishgan.

Hozirda mazkur holat boʻyicha tuman rahbariyati alohida faoliyat boshlagan. Tuman prokuraturasi esa, tegishli tartibda surishtiruv ishlarini olib bormoqda.