Tibbiyot xodimlari tomonidan koronavirusga qarshi kurashda koʻrsatilayotgan jonbozliklarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida joriy yilning mart-aprel oylarida Prezident qarori bilan koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida ayrim tibbiyot xodimlariga qoʻshimcha toʻlovlar belgilangan edi.

Adliya boshqarmasi hamda tuman (shahar) adliya boʻlimlari tomonidan oʻtkazilgan monitoring davomida viloyat hamda tuman (shahar) sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlarida ish olib borayotgan xodimlarga jami 741.200.400 soʻm pul mablagʻlari toʻlab berilmaganligi aniqlandi.

Xoʻsh, nima uchun toʻlov vaqtida amalga oshirilmagan?

Prezidentimizning joriy yilning 26-mart kuni qabul qilingan “Koronavirus pandemiyasi davrida sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini yana-da ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4695-son qaroriga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi 
va uning hududiy boʻlinmalari tibbiyot xodimlarining lavozim maoshiga mehnatning sogʻliq uchun xavfliligi va ogʻir sharoitlari uchun belgilanadigan qoʻshimcha toʻlovlar miqdorini tegishincha 15 foizdan 50 foizga hamda 40 foizdan 75 foizga oshirish, shu bilan birgalikda, mehnatga haq toʻlash razryadlari boʻyicha tarif koeffitsiyentini 5 foizga oshirgan holda qoʻllash orqali ularni moddiy ragʻbatlantirish belgilangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ–3666-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi toʻgʻrisidagi nizomda adliya organlari doimiy ravishda normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini monitoring qilib borishi belgilangan.

Shu maqsadda, joriy yil iyun oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-apreldagi PQ-4695-son “Koronavirus pandemiyasi davrida sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini yana-da ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining ijrosi monitoring qilindi.

Monitoring davomida viloyat hamda tuman (shahar) sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlarida ish olib borayotgan xodimlarga jami 741.200.400 soʻm pul mablagʻlari toʻlab berilmaganligi aniqlandi.

Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-apreldagi PQ-4695-son “Koronavirus pandemiyasi davrida sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini yana-da ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida lavozim maoshiga mehnatning sogʻliq uchun xavfliligi va ogʻir sharoitlari uchun belgilanadigan qoʻshimcha toʻlovlar miqdorini tegishincha 15 foizdan 50 foizga hamda 40 foizdan 75 foizga oshirilishi nazarda tutilgan.

Biroq, viloyat, tuman (shahar) sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi rahbarlari tomonidan mazkur Qaror talablariga rioya qilinmagan.

Natijada viloyat, tuman (shahar) sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlarida ish olib borayotgan xodimlarga qarorda koʻrsatilgan ustamalar toʻlanmasdan qolgan.

Buning oqibatida viloyat, tuman (shahar) sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markaz xodimlari tomonidan noroziliklar keltirib chiqarmoqda.

Yuqoridagilarga koʻra, viloyat adliya boshqarmasi tomonidan viloyat, tuman (shahar) sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlarida ish olib borayotgan xodimlarga jami 741.200.400 soʻm pul mablagʻlari toʻlab berilishini taʼminlash toʻgʻrisida viloyat sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi rahbari nomiga taqdimnoma kiritildi.

Koʻrilgan taʼsir choralari natijasida viloyat, tuman-shahar sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlarida faoliyat koʻrsatayotgan xodimlarga jami 632.956.700 soʻm pul mablagʻlarini qonunda belgilangan tartibda toʻlab berildi.

Hozirgi kunda qolgan 108 243 700 soʻm pul mablagʻlarini qonunda belgilangan tartibda toʻlab berish choralari koʻrilmoqda.

Azizjon Mavlonov,

Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi

Inson huquqlarini himoya qilish

boʻlimi boshligʻi