Uchrashuv davomida Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazining bosh direktori joriy etilayotgan zamonaviy taʼlim uslublari, umumtaʼlim maktablari oʻqituvchilarining malakasini hamda yoshlarning bilim olishga qiziqishini oshirish maqsadida ishlab chiqilayotgan loyihalar haqida atroflicha toʻxtalib oʻtdi.
Oʻz navbatida, Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi direktori oʻqituvchilar va oʻquvchilar uchun ishlab chiqilgan videokontent hamda taʼlim sohasining koʻp yoʻnalishini raqamlashtirish uchun yaratilgan veb platformalar bilan tanishib chiqib, kelgusida hamkorlikda bundan ham ilgʻor loyihalar ishlab chiqish istagini bildirdi.
Memorandum yurtimizda xalq taʼlim sohasini raqamlashtirish yoʻlida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalarni joriy qilish, tadbirlar tashkil etish uchun qulay shart-sharoit yaratish, taʼlim tizimiga innovatsion gʻoyalar, raqamli texnologiyalar va yangi tashabbuslarni tatbiq yetish va boshqalarni koʻzda tutadi.
Ushbu memorandum boʻyicha hamkorlik qator imkoniyatlarni taqdim etadi. Jumladan, tomonlar xalq taʼlimi va IT sohalarida oʻzaro hamkorlikni amalga oshirish maqsadida qoʻshma loyihalarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi. Shuningdek, taʼlim sohasida innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish, joriy etish va targʻib qilish boʻyicha qoʻshma tadbirlarni tashkillashtirish, xalq taʼlimi tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshma loyihalar ishlab chiqish va ularda ishtirok etish, xalq taʼlimi tizimida qoʻshma innovatsion ilmiy-tadqiqot loyihalari va tahliliy ishlarni tashkil etish, oʻzaro manfaatli qoʻshma anjumanlar, tomonlarni qiziqtirgan masalalar boʻyicha ilmiy seminarlar, amaliy mashgʻulotlar, akademik mashgʻulotlar, mahorat darslari, treninglar, davra suhbatlari va anjumanlar tashkillashtirish shular jumlasidan.