Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi, Adliya vazirligi, va Savdo-sanoat palatasining “Xo'jalik yurituvchi sub'ektlar tomonidan shartnomalar tuzishda qo'llash uchun tavsiyaviy xarakterga ega bo'lgan korruptsiyaga qarshi qo'shimcha shartlarni tasdiqlash to'g'risida”gi qo'shma qarori qabul qilindi. Mazkur qaror O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021- yil 14 -sentyabrdagi "Shartnomaviy munosabatlarni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan bo'lib, unda xo'jalik yurituvchi sub'ektlar tomonidan shartnomalar tuzishda qo'llash uchun tavsiyaviy xarakterga ega bo'lgan korruptsiyaga qarshi qo'shimcha shartlar tasdiqlandi. Mazkur qo'shimcha shartlardan jismoniy va yuridik shaxslar o'zaro sharnoma tuzayotganida foydalanishi mumkin va ulardan foydalanish majburiy hisoblanmaydi.
Korruptsiyaga qarshi qo'shimcha shartlar bir nechta xalqaro tashkilotlarning, jumladan Xalqaro savdo palatasining namunaviy qoidalar asosida ishlab chiqilgan bo'lib, shartnomamiy munosabatlarda korruptsiyaviy omillarni minimallashtirish uchun shartnoma taraflariga qo'llanma sifatida xizmat qiladi. Har bir taraf shartnoma tuzilgan paytda bevosita o'zi yoki uning ijroiya organlari, mansabdor shaxslari va xodimlari tomonidan shartnoma bilan bog'liq munosabatlar yuzasidan quyidagilarni kafolatlaydi:
-
- qonunga xilof ravishda pul, moddiy qiymatliklar berilmaganligini;
- shartnoma tuzilishi evaziga norasmiy pul yoki boshqa moddiy qiymatliklar olinishiga yo'l ko'yilmaganligini, taklif etilmaganligini, ularni berishga va'da qilinmaganligini;
- moddiy yoki har qanday turdagi imtiyoz olinmaganligini.
Taraflar ular tomonidan shartnoma doirasida jalb qilingan shaxslarning (yordamchi pudratchi tashkilotlar, agentlar va taraflar nazorati ostidagi boshqa shaxslarning) yuqoridagi harakatlarni sodir etmasligi yuzasidan oqilona choralar ko'radi.
Hujjatda belgilanganidek, taraflar davlat xizmatchilari, siyosiy partiyalar, shuningdek o'zining ijroiya organlari, mansabdor shaxslari va xodimlari tomonidan har qanday vaqt va shaklda quyidagi harakatlarni bevosita yoki bilvosita (shu jumladan, uchinchi shaxslar orqali) sodir etilishiga yo'l qo'ymaydi:
-
- nazorat qiluvchi organlardan litsenziya va ruxsatnomalar olish, soliq solish, bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish, sudda ish ko'rilishi, qonunchilik jarayoni va boshqa sohalarda qonunga xilof ravishda tijorat yoki boshqa turdagi ustunlikka ega bo'lish yoki saqlab qolish maqsadida yuqoridagi shaxslar foydasiga yoki ular tomonidan moddiy yoki nomoddiy naf olishning taklif etilishi, va'da qilinishi, berilishiga;
- qonunga xilof ravishda olingan daromadlarning legallashtirilishiga, shuningdek, agar mulk jinoiy faoliyatdan olingan daromad ekanligi taraflarga ma'lum bo'lsa, uni o'tkazish, mulkka aylantirish yoxud almashtirish yo'li bilan uning kelib chiqishiga qonuniy tus berish, bunday pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulkning asl xususiyatini, manbaini, turgan joyini, tasarruf etish, ko'chirish usuli, pul mablag'lariga yoki boshqa mol-mulkka bo'lgan haqiqiy egalik huquqlarini yoki uning kimga qarashliligini yashirishga;
- korruptsiyaga oid huquqbuzarlik sodir qilish uchun ta'magirlik qilish, undash, tazyiq o'tkazish yoki tahdid qilish. Ushbu holat bo'yicha bir taraf ikkinchi tarafni hamda vakolatli davlat organlarini darhol xabardor qilishi shart.
Qarorda taraflar o'z nazorati ostida bo'lgan va ular nomidan harakat qiladigan shaxslarga korruptsiyaviy harakatlarga yo'l qo'yib bo'lmasligi hamda ularga nisbatan murosasiz munosabatda bo'lish shartligi haqida ko'rsatma va tushuntirishlar berishi majburiy etib belgilandi. SHuningdek, taraflar bunday shaxslardan korruptsiyaviy harakatlarni amalga oshirish uchun vositachi sifatida foydalanmasligi va oddiy kundalik faoliyati jarayonidagi ishlab chiqarish zarurati doirasidan kelib chiqib ishga jalb qilishi shart. Ularga qonunchilik doirasida amalga oshirgan xizmatlari uchun belgilangan haq miqdoridan asossiz ravishda ortiqcha to'lovlarni amalga oshirmaslik majburiyati ham korruptsiyaga qarshi qo'shimcha shartlardan biri etib belgilandi.
Taraflar ularning nazorati ostida bo'lgan va ular nomidan harakat qiladigan shaxslar yuqoridagi majburiyatlar buzilganligi holatlari haqida xabar berilganligi uchun ularga tazyiq o'tkazilmasligini kafolatlaydi. Agar bir tarafga boshqa tarafning korruptsiyaga qarshi qo'shimcha shartlarga oid belgilangan majburiyatlarni buzilishiga yo'l qo'yganligi ma'lum bo'lib qolsa, ikkinchi tarafni bu haqda zudlik bilan xabardor qilishi, shuningdek ushbu tarafdan ma'lum muddat ichida tegishli choralar ko'rilishi va amalga oshirilgan ishlar yuzasidan uni xabardor etishini talab qilishi shart. Tarafning bu talabi ikkinchi taraf tomonidan bajarilmagan taqdirda, ushbu taraf shartnomani bir taraflama to'xtatib turishga, bekor qilishga hamda zararni to'liq qoplab berishni talab qilishga haqli.