Qo'shma ta'lim dasturi asosida ta'lim olgan ilk magistrlarga diplom topshirildi

    Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti va Rossiya Federasiyasi Milliy tadqiqotlar yadro universiteti hamkorligida (1+1) qo'shma ta'lim dasturi asosida magistraturani tamomlagan talabalarga diplom topshirildi.

    Toshkent davlat texnika universiteti va Rossiya Federatsiyasi Milliy tadqiqotlar yadro universiteti o'rtasida (1+1) qo'shma ta'lim dasturlari asosida Elektronika va elektron texnikasi, Metrologiya, standartlashtirish va sifatni boshqarish hamda Radiotexnik qurilmalar va aloqa vositalari yo'nalishlarida mutaxassislar tayyorlash bo'yicha hamkorlik yo'lga qo'yilgan.

    2019/2020 o'quv yilida magistraturaga ilk bor qabul qilingan talabalar o'qishning 1-bosqichini Moskva shahrida joylashgan Milliy tadqiqotlar yadro universitetida muvaffaqiyatli tamomlab keldi. O'qishning 2-bosqichini Toshkent davlat texnika universitetida davom ettirib, o'tilgan barcha fanlarni yuqori darajada o'zlashtirgan talabalar magistrlik dissertasiyalarini ikki davlat olimlaridan iborat attestasiya komissiyaci huzurida muvaffaqiyatli himoya qildi.

    Joriy yilning 27 iyul` sanasida har ikki oliy ta'lim muassasasining magistrlik diplomlari ilk bitiruvchilarga tantanali ravishda topshirildi.

    Ayni paytda har ikki oliy ta'lim muassasasi jahon andozalari darajasida bilim olgan zakovatli, har tomonlama barkamol kadrlar tayyorlash bilan birga ilmiy izlanishlarga ham katta e'tibor qaratmoqda. Olimlarning hammualliflikda nufuzli ilmiy jurnallarda chop etilayotgan qator maqolalari bunga yaqqol misoldir.