Unda mamlakatimiz hukumat idorasi nostrifikatsiya bilan bogʻliq jarayonni tahlildan oʻtkazib, qoʻshni Kirgʻiziston va Tojikiston davlatlarining qator oliy taʼlim muassasalariga salbiy baho bergan va fuqarolarimizga tegishli tavsiyalar bergan.
Tavsiya matni bilan yaqindan tanishganimizda, undagi baʼzi fikr va xulosalar oʻrinli eʼtiroz va savollarni tugʻdirmoqda...
Birinchidan, Inspeksiya aniq va asoslangan mezonlar oʻrniga “Oʻzbekiston mehnat bozori talab darajasiga mos emas” degan umumiy jumla bilan chegaralanib qolmoqda. Savol: bunday xulosa chiqarish uchun, eng avvalo, oʻsha mehnat bozori parametrlari qani? Ularni kim belgilagan? Qoʻshni davlatlarning OTMlari qachon va kim tomonidan tekshirilgan?
Ikkinchidan, eʼlon qilingan tavsiyada “...sifatli taʼlim arzon boʻlmas”, va “qoʻshni mamlakatlardagi aksariyat OTM tomonidan taklif etilayotgan toʻlov-kontrakt narxi sifatli taʼlim berish imkoniyatini bermaydi” deb taʼkidlangan. Savol: Nimaga? Bu qanday konuniyat boʻldi? Balki, biz avval Oʻzbekiston OTMlarining kontrakt narxlariga va shu narxlarga bizda berilayotgan taʼlim sifatiga xolisona boqarmiz?
Menimcha, bu yerda koʻproq raqobat va mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalarining raqobatbardoshlik darajasi haqida soʻz yuritsak adolatdan boʻladi.
Uchinchidan, mamlakatimiz hukumat Inspeksiyasining xorijiy davlatlar OTMlariga bunday baho berishga huquqi bormi? Bu harakatlaning maqsadi, ularning davlatimiz milliy manfaatlari va tashqi siyosatdagi intilishlariga qanchalik toʻgʻri keladi?
Qoʻmitamizning tegishli soʻrovnomasi Inspeksiyaga yuborildi va rasmiy javobni kutib qolamiz.
Ishonchimiz komilki, hozirgi murakkab xalqaro vaziyatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Markaziy Osiyo mintaqasida vujudga kelgan ochiqlik, oʻzaro ishonch va yaxshi qoʻshnichilik tamoyillariga asoslangan mutlaqo yangi siyosiy muhitni qadriga yetib, barchamiz oʻz faoliyatimizda qardosh Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlari bilan doʻstlik, oʻzaro manfaatli hamkorlik rishtalarini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshamiz.
Ravshanbek ALIMOV,
Oliy Majlis Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar,
xorijiy investitsiyalar va turizm
masalalari qoʻmitasi raisi.