Avvalroq Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Samarqand filiali mutaxassislari boshchiligida bir hafta davomida Qoʻshrabotda tibbiy koʻriklar tashkil etilgandi.

Natijada 200 nafar aholi vakili skrining tekshiruvlaridan oʻtkazilib, ularning 300 nafarida turli yurak-qon tomir kasalliklari aniqlandi. 57 nafarida esa kardioxirurgik amaliyoti oʻtkazilishi rejalashtirildi.

Xususan, tibbiy koʻrik vaqtida shoshilinch kardioxirurgik amaliyotga muhtoj 5 nafar fuqaro tanlab olinib, ularning 3 nafarida mazkur operatsiya muvaffaqiyatli bajarildi.

Quvkalla mahallasida yashovchi Munisa Ahmedovaning qiziga ham yurak nuqsoni tashxisi qoʻyildi. Kasallik operatsiya orqali bartaraf etilishi maʼlum boʻlgach, bemor jarrohlik stoliga yotqizildi.

Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali bosh shifokorining maʼlum qilishicha, tibbiy koʻrikda yurak operatsiyasiga muhtoj deb topilgan 60 nafarga yaqin qoʻshrabotlik bemorning barchasi shu yerning oʻzida operatsiya qilinib, sogʻlomlashtiriladi.

Shuningdek, tuman shifokorlarining viloyat markazida malaka oshirishi yoʻlga qoʻyilib, kelgusida bunday murakkab amaliyotlar mahalliy kardiojarrohlar tomonidan bajarilishi rejalashtirilgan, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.