Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Qoʻshrabot tumani boʻlimi tomonidan nazorat tadbirlari oʻtkazilmoqda.
Ushbu tadbirlar davomida 13 ta holatda qishloq xoʻjaligi mashinalaridan texnik jihatdan foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalarining qoʻpol ravishda buzilganligi aniqlandi. Mazkur qonunbuzilish holatlarini sodir etgan 13 nafar fuqaroga nisbatan 5 million 136 ming 500 soʻm miqdorida maʼmuriy jarima qoʻllanildi.
Xususan, oʻtkazilgan monitoring-tahlillar davomida tumanning “Novkat” mahallasida istiqomat qiluvchi Sh.K, “Quvkalla” MFY da yashovchi R.P. hamda “Qovunchi” mahallasida yashovchi Ye.J tomonidan qishloq xoʻjaligi texnikalaridan foydalanishda havfsizlik qoidalarining qoʻpol ravishda buzilganligi aniqlanib, ularga nisbatan tegishli tartibda huquqiy taʼsir chorasi qoʻllanildi.
— Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida 58 dona davlat raqam belgisi, 179 dona texnik pasport berildi, — deydi Inspeksiyaning Qoʻshrabot tumani boʻlimi katta inspektori Gʻiyosiddin Salimov. — Inspektorlarning saʼy-xarakati bilan 190 dona qishloq xoʻjaligi, melioratsiya va yoʻl qurilish texnikalari majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilib, 56 dona texnika roʻyxatga qoʻyildi hamda 37 nafar fuqarolarga yangi plastik koʻrinishdagi traktorchi-mashinist guvohnomasi berildi.
Ayni kunlarda inspeksiyaning tuman boʻlimi tomonidan 638 dona qishloq xoʻjaligi, melioratsiya va yoʻl qurilish texnikalarining elektron bazasi shakllantirildi. Qishloq xoʻjaligi texnikalariga oid davlat xizmatlar koʻrsatish yoʻnalishi va qoʻllanilgan jarimalardan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan jami 58 million 253 ming 890 soʻm miqdoridagi mablagʻ davlat byudjetiga undirildi, deya xabar beradi Agroinspeksiyaning Samarqand viloyati boshqarmasi axborot xizmati.