Qoʻshtepa tumani prokurori oʻrinbosari pora bilan qoʻlga tushdi

    Fargʻona viloyatidagi Qoʻshtepa tumani prokurori oʻrinbosari pora olayotganida jinoyat ustida qoʻlga tushdi.

    Joriy yilning 27-aprel kuni soat 18:30 larda Fargʻona viloyati prokuraturasi Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda tadbir oʻtkazgan.

    Tadbirda Qoʻshtepa tumani prokurori oʻrinbosari tanishlari orqali sudning ish yurituvidagi jinoyat ishi boʻyicha aybdor shaxsga nisbatan jazo qoʻllanilishida yengillik qilib berishni aytib, aldov yoʻli bilan ishonchni suiisteʼmol qilib, kelishilgan 2 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlangan, deya xabar beradi Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov.

    Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-(Firibgarlik) va 28,211-(Pora berish) moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.