Mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbanov ushbu muassasaning barpo etilishi Qurolli Kuchlar tizimida oʻziga xos yangilik ekani, harbiylarning jangovar tayyorgarligini yana-da oshirishga ulkan hissa qoʻshishini taʼkidladi.
Markazda harbiy xizmatchilar uchun qulay infratuzilma, aʼlo darajada yangilangan oʻquv-moddiy baza va barcha ijtimoiy-maishiy sharoitlar yaratilgan. Tadbir davomida harbiy xizmatchilarning real vaziyatga yaqinlashtirilgan koʻrgazmali oʻquv mashqlari va togʻda harakatlanishda zarur boʻladigan texnikalar namoyishi oʻtkazildi. Shu orqali harbiy xizmatchilarning amaliy mashgʻulotlar davomida orttirgan bilim va koʻnikmalari sinovdan oʻtkazildi.
Togʻ sharoitidagi jangovar harakatlarga tayyorlanish harbiy xizmatchidan dala sharoitidagi oʻquv mashgʻulotlaridan koʻra, yuqori bilim va puxta koʻnikma talab qiladi. Ayniqsa, togʻ sharoiti merganlar (snayperlar) uchun qulaydir. Ulkan toshlar, katta qoyalar bagʻrida oʻtkazilgan koʻrgazmali mashgʻulotlar davomida jangovar boʻlinmalarni aloqa bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratildi. Toʻgʻri, togʻ relyefining oʻzgarishi, oʻtish qiyin boʻlgan toʻsiqlarning mavjudligi, yoʻllar soni chegaralanganligi aloqani tashkillashtirishda biroz qiyinchilik tugʻdiradi. Bundan tashqari, radio toʻlqinlar togʻ sharoitida ishlashi juda ogʻir. Shuning uchun radiostansiyalarni yoyish joyini toʻgʻri tanlash harbiy aloqachilardan katta bilim va koʻnikmani talab etadi.
Quvonarlisi, mashgʻulot ishtirokchilari bu murakkab vazifalarni aʼlo darajada uddalashdi! Koʻrgazmali mashgʻulotlar yakunlanar ekan, taklif etilgan mehmonlar foydalanishga topshirilgan markazda harbiylarga yaratilgan shart-sharoitlardan mamnun ekanliklarini bayon etishdi. Harbiy xizmatchilarning mashgʻulot davomidagi epchilligi, bilim va mahoratiga tahsin aytishdi.
Chingiz RAIMBERDIYEV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti