Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, voqea 2025-yil 10-dekabr kuni Uzun tumanining “Beshkapa” mahallasi hududida sodir boʻlgan. Qayd etilishicha, fuqaro M.I.ning qoʻylari adirlik hududda oʻtlab yurgan vaqtida boʻri hujumiga uchragan.
Fuqaro yozgan tushuntirish xatida chorva moliga ziyon yetkazilishining oldini olish va ularni asrab qolish maqsadida boʻrini taʼqib qilganini, ushbu harakatlar natijasida boʻri nobud boʻlganini maʼlum qilgan.
Holat yuzasidan tuzilgan dalolatnoma asosida, fuqaroning harakatlari natijasida Oʻzbekiston Respublikasining “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonunining 33-moddasi talablari buzilgani aniqlangan. Mazkur qonunning 53-moddasiga muvofiq, javobgarlik choralari belgilangan.
Shuningdek, fuqaro Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 90-moddasi 1-qismi asosida BHMning 20 barobari, yaʼni 8 million 240 ming soʻm miqdorida maʼmuriy jarimaga tortilgan.
Keltirilishicha, boʻri, Oʻzbekiston qonunchiligiga muvofiq, muhofaza qilinadigan yovvoyi hayvon turlari qatoriga kiradi. Unga nisbatan shafqatsiz munosabatda boʻlish, qiynoqqa solish yoki noqonuniy harakatlarni amalga oshirish amaldagi qonun hujjatlariga zid hisoblanadi va belgilangan tartibda javobgarlikka sabab boʻladi.
Surxondaryo viloyati Ekologiya va iqlim oʻzgarishi bosh boshqarmasi aholini tabiatga, ayniqsa yovvoyi hayvonlarga nisbatan mehr-shafqatli boʻlishga, ekologik qonunchilik talablariga qatʼiy rioya etishga hamda bunday holatlar yuzasidan xulosa chiqarishda faqat rasmiy manbalarga tayanishga chaqirdi.