Qozogʻiston bilan 37 ta investitsiya loyihasi va savdo shartnomalaridan iborat “Yoʻl xaritasi” imzolandi

    Investitsiyalar 30 Dekabr 2022 1542

    Joriy yil 29-dekabrda Ostona shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev va Qozogʻiston Bosh vazirining oʻrinbosari – savdo va integratsiya vaziri Serik Jumangarin oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi..

    Uchrashuvda Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Jomart Tokayevning joriy yil 21-22-dekabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifi davomida imzolangan investitsiya bitimlari va savdo shartnomalarini amalga oshirishga qaratilgan “Yoʻl xaritasi” yuzasidan kelishib olindi.

    Hujjat energetika, transport, elektrotexnika va kimyo sanoati, infratuzilmaviy qurilish, mashinasozlik, farmatsevtika va qishloq xoʻjaligi sohalarida investitsiyaviy va savdo hamkorligi boʻyicha 37 ta tadbirni oʻz ichiga oladi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

    “Yoʻl xaritasi” quyidagi loyihalarni amalga oshirish boʻyicha aniq qadamlarni nazarda tutadi:

    - Navoiy va Toshkent viloyatlarida fosforli va kompleks mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish (“Kazfosfat” MCHSH va “Oʻzkimyosanoat” AK hamkorligida);

    - Samarqand, Toshkent va Fargʻona viloyatlarida qurilayotgan umumiy quvvati 2 GVt gacha boʻlgan uchta yangi koʻmir bilan ishlaydigan issiqlik elektr stansiyalarining yoqilgʻi ehtiyojlarini uzoq muddatli (kamida 10 yil) Shubarkoʻl konidagi koʻmir bilan taʼminlash;

    - BI Group kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkent shahrida uy-joy, ijtimoiy va tijorat infratuzilmasini qurish;

    - “Allur kompaniyalar guruhi” AJ ishtirokida Qozogʻistonda Chevrolet Onix avtomobillarini ishlab chiqarish;

    - Qaragʻanda viloyatida “Artel” maishiy texnika mahsulotlarini ishlab chiqarish;

    - Chimkent shahrida keramik plitkalar ishlab chiqarishni tashkil etish;

    - erta kartoshka, goʻsht va goʻsht mahsulotlari hamda meva-sabzavotlarni yetkazib berish.