Qozogʻiston bilan hamkorlik yana-da kengaytiriladi

    Xalqaro hamkorlik 29 Iyun 2021 893

    Bugun, 29-iyunda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayevning Qozogʻiston Respublikasi Savdo va integratsiya vaziri Baxit Sultanov boshchiligidagi delegatsiyasi bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuv davomida taraflar hamkorlikni rivojlantirishning bir nechta yoʻnalishini koʻrib chiqdilar.

    Taʼkidlashicha, Toshkent shahrining Qozogʻiston subyektlari bilan tovar aylanmasida mavjud imkoniyatlar toʻliq ishga solinmagan. Shu sababli muloqot davomida oʻzaro savdo hajmlarini oshirish boʻyicha barcha zarur choralarni koʻrish masalalari muhokama etildi.

    Undan soʻng Toshkent shahrida elektrotexnik uskunalarni ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxonani tashkil qilish masalasi koʻrib chiqildi. Bunda qozogʻistonlik mutaxassislar ishtrokida yirik va mayda kuchlanishli transformatorlar, taqsimlash nimstansiyalari va elektr tarmoqlari uchun uskunalarni ishlab chiqarish koʻzda tutilmoqda.

    Shuningdek, tomonlar “Aqlli shahar” loyihasi doirasida hamkorlikni ham muhokama qildilar. Koʻcha va yoʻl xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan Qozogʻistonning “Sergak” loyihasi koʻrib chiqish uchun taqdim etildi.

    Shuningdek, sogʻliqni saqlash sohasida ham qoʻshma loyiha taklif qilingan boʻlib, u rentgen suratlarini tahlil qiluvchi sunʼiy intellekt yordamida oʻpka saratoni kasalligining erta diagnostikasini koʻzda tutadi. Toshkentning ushbu loyihaga qoʻshilishi suratlar bazasini oshirish va aniqroq prognozlash imkonini beradi.

    Uchrashuvda har bir taklif yuzasidan aniq kelishuvlarga erishish uchun mutaxassislarning aloqasini yoʻlga qoʻyishga qaror qilindi. Shuningdek, oʻzaro investitsiyalar va ishlab chiqarishlarni tashkil qilish uchun tadbirkorlar ishchi guruhlari bilan almashinuvni yoʻlga qoʻyishga qaror qilindi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.