Qayd etilishicha, muloqotda asosiy mavzu – chigirtkalarga qarshi himoya choralarini kuchaytirish boʻldi. Ishtirokchilar mamlakatlarda mavsumiy hasharotlarga qarshi kurashish boʻyicha samarali chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha mavjud amaliyot bilan tanishtirildi.

Locust.uz tizimi taqdimoti oʻtkazildi. Bu chigirtka tuxum qoʻygan hududlar, kimyoviy tozalash ishlari olib borilgan hududlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qayd etuvchi elektron platforma boʻlib, vaziyatni toʻgʻri baholash imkonini beradi. Tizim, shuningdek, transport vositalariga oʻrnatilgan GPS qurilmalari yordamida maxsus jihozlar harakatini kuzatib boradi. Bu vaziyatni oʻz vaqtida baholash va katta maydonlarda chigirtka tarqalishining oldini olish imkonini beradi.

Muzokaralar yakunlari boʻyicha tomonlar hamkorlikni yanada mustahkamlash, xalqaro fitosanitariya standartlarini joriy etish va axborot almashinuvini rivojlantirishga kelishib oldi. Tomonlar chegara hududlarida chigirtkalarga qarshi kurashish, fitosanitariya holati, oʻrganish natijalari, zararli organizmlarning tarqalishi va koʻrilgan choralar toʻgʻrisida tezkor maʼlumotlar almashinuvini taʼminlash boʻyicha hamkorlikka alohida eʼtibor qaratadi. Shuningdek, fitosanitariya sertifikatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni samarali va muntazam almashish uchun axborot tizimlarini birlashtirish koʻzda tutilgan.